Ota-ona uchun farzandining kamolini koʻrishdan ortiq baxt boʻlmasa kerak. Ayni paytda Qarshi shahridagi 4-umumtaʼlim maktabining 9-sinfida tahsil olayotgan oʻgʻlim Mirfayzbek Abdullaeyv aʼlo baholarga oʻqib, fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. U hozirda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashida sardor.
Bir kuni oʻgʻlimdan «Sardorlik, umuman, faollik senga nima berdi?» deb soʻradim. U ishonch bilan shunday dedi: «Ijtimoiy faollik menda, birinchi navbatda, hayotiy koʻnikmalar, masalan, notiqlikni, jamoani boshqarish qobiliyatini, mustaqil tarzda loyihalar tashkil etish koʻnikmalarini shakllantirishda muhim rolʼ oʻynadi».
Oʻtgan yilning dekabr oyida respublikamizning barcha hududlarida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvlari oʻtkazildi. Qashqadaryo viloyatida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardan birida Mirfayzbek viloyat hokimi Murotjon Azimovga eng namunali va iqtidorli maktab oʻquvchilari uchun «Viloyat hokimi stipendiyasi»ni joriy etish boʻyicha taklifni bildirdi.
Eʼtiborlisi, bu taklif qoʻllab-quvvatlanib, joriy yilning 13-yanvarida «Viloyatdagi eng namunali va eng iqtidorli oʻquvchilar «Viloyat hokimi stipendiyasi»ni joriy etish toʻgʻrisida»gi qaror qabul qilindi. Bu xabardan oʻgʻlim va uning tengqurlari, butun voha oʻquvchilari juda xursand boʻldi.
Tadqiqotlarga qaraganda, «Tengdosh – tengdoshga» tamoyili eng yaxshi samara beradigan usullardan biri ekan. Bu qaysidir oʻquvchi biron bir mavzuda tengdoshi bilan suhbatlashsa, fikrlashsa, natijadorlik yuqori boʻladi, degani. Mirfayzbek ana shu tamoyilga tayangan holda, maktab oʻquvchilari boʻlgan tengdoshlari bilan bir qancha loyihalarni amalga oshirdi.
Ayni paytda viloyatda oʻquvchilarning intellektual salohiyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida «Intellektual olimpiada» loyihasiga start berildi. Bu jarayonda «Munozara», «Kamalak», «Ekologik muammolar bolalar nigohida» kabi loyihalar namoyishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlarda oʻgʻlim ham munosib qatnashmoqda.
Mamlakatimizda mavjud keng imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yoshlar barcha sohalarda katta yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Ana shunday intiluvchan yoshlar orasida farzandim Mirfayzbek ham borligidan faxrlanaman!
Sirojiddin RAHIMOV,
podpolkovnik.
