Faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning boy hayotiy hamda amaliy tajribalaridan unumli foydalanish, yosh avlodni Vatanga va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi nufuzini oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlari faxriylari oʻrtasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” koʻrik-tanlovning hududiy saralash bosqichi oʻtkazildi. Tanlovda tuman-shahar ichki ishlar boʻlimlaridan faxriylar ishtirok etishdi.
Ushbu koʻrik-tanlovda faxriylar yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotolavhalar hamda “Ustoz-shogird” anʼanasi, Faxriylar maktabi, yoshlarga oid davlat siyosati, davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar boʻyicha amalga oshirgan ishlarini hayʼat aʼzolariga taqdim etishdi. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy mavzudagi savol-javob shartlari hamda shaxmat boʻyicha bellashdilar.
Koʻrik-tanlov yakuniga koʻra, Kogon shahar IIB faxriysi, isteʼfodagi mayor Qahramon Gʻulomov 3-oʻrinni va Shofirkon tumani IIB faxriysi, isteʼfodagi starshina Murtazo Latipov 2-oʻrinni egallashdi. Jondor tumani IIB faxriysi, isteʼfodagi kapitan Mahram Mahmudov 1-oʻringa loyiq koʻrildi va u tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
Gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Fayzullo BIBUTOV,
isteʼfodagi podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
