Kun qahramoni
Kapitan Sardorbek Nazarov 1989 yilda Namangan viloyati Namangan shahrida tugʻilgan. 2013 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan.
Ilk xizmat faoliyatini Namangan viloyati IIB Namangan shahar qoʻriqlash boʻlimi militsioner-safdor xodimi lavozimida boshlagan. 2016-2020 yillarda Namangan shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan. Ayni paytda, Davlatobod tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi 44-sonli ichki ishlar organi tayanch punkti profilaktika inspektori.
Kapitan S. Nazarovga u xizmat olib borayotgan «Toʻqimachi» mahallasi hududi tinchlik-osoyishtaligini taʼminlashda mahalla fuqarolar yigʻini raisi va maslahatchilari, yoshi ulugʻ, boy hayot tajribasiga ega faollar doimo kamarbasta. Jamoatchilik vakillari bilan olib borilayotgan hamkorlik jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim omil boʻlayotir.
U masʼuliyatli, tashabbuskor va tashkilotchi xodim sifatida aholining hurmatini qozongan. Fuqarolar har doim unga zarur huquqiy masalalar boʻyicha murojaat qiladi. Oʻz kasbiga mehr qoʻygan profilaktika inspektori kimgadir foydasi tegayotganidan qalbida faxr hissini tuyadi. Xalq ishonchi unga doimo gʻayrat-shijoat bagʻishlaydi.
U hududda joriy yil boshidan buyon 150 ga yaqin maʼmuriy huqubuzarlik holatlarini aniqlab, tegishli bayonomalar rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, 60 ga yaqin fuqaroning murojaatini oʻrganib, ularning ijobiy hal etilishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, oʻquv muassasalarida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarida faol ishtirok etib kelyapti. Fidoyilik bilan qilingan xizmat elda doimo qadr topadi. Kapitan S.Nazarov ham ichki ishlar organlaridagi namunali xizmati uchun viloyat IIB tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan.
Zimmasidagi vazifalarni vijdonan bajarib kelayotgan kapitan Sardorbek Nazarov osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borayotgan ishlarini ommaviy axborot vositalarida yoritib kelayotgani alohida tahsinga loyiq.
Feruza OTAXONOVA,
«Postda» muxbiri.
