Baxtiyor Bobomurodov asli sayxunobodlik. U ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1988-yili tuman IIB Qoʻriqlash boʻlimida boshlab, uch yil davomida tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari binolarini qoʻriqlashda, oʻgʻrilik, talon-torojlikning oldini olishda jonbozlik koʻrsatadi. 

IIV Akademiyasini tamomlagandan soʻng lavhamiz qahramoni Sirdaryo tumani IIB Tergov boʻlinmasi tergovchisi etib ta­yinlanadi. Biroz vaqt oʻtgach esa, Sayxunobod tumani IIBga tergovchi sifatida ishga oʻtkaziladi. Unga katta tergovchi, mayor Yusuf Qudratov, viloyat IIB Tergov bosh­qarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Saidmahmud Xoʻjanazarov ustozlik qiladi. 

U qariyb 15 yil davomida Sayxunobod tumanida faoliyat koʻrsatib, hududning yaxshi-yomonini, past-balandini obdan bilib oldi. Xizmat burchiga sadoqatliligi, fidoyiligi bilan oʻzini har tomonlama koʻrsatdi. 

2005-yili «Nurli» mahallasidagi bir xonadondan 5 bosh qoramol, 10 ta qoʻy oʻgʻirlanadi. Jinoyatni ochishda dastlab mushkullik tugʻiladi. Yoʻqolishidan bir kun oldin bir necha kishi kelib, mollarni savdo qilib ketgani uchun barcha gumon shu tomonga qaratiladi. Tergov ishlari tobora kengayib, molbozorga koʻchadi. Va nihoyat, oʻgʻirlangan beshta qoramol va bitta qoʻyning izi chiqadi. Bunda Baxtiyor Bobomurodovning izlanishlari alohida ish beradi. Mollar qoʻshni tumandan topiladi. Ularni muqaddam sudlangan shaxs oʻgʻirlagani toʻliq isbotini topadi. 

Baxtiyor Bobomurodov 2010–2012-yillarda Guliston shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi katta tergovchisi, boʻlinma boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. 

– Xizmat faoliyatim davomida shunga amin boʻldimki, halol ishlagan, fidoyilik bilan xizmat qilgan inson hech qachon kam boʻlmaydi, – deydi faxriy. – Xususan, bizning sohada. Shu bois yosh xodimlar bilan uchrashuvlarda ayni shu jihatni qayta-qayta taʼkidlayman.

Baxtiyor aka koʻp yillik xizmat faoliyati davomida oʻnlab shogirdlarni tarbiya­ladi. Ular orasida Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi oʻta muhim ishlari boʻyicha tergovchisi, podpolkovnik Jasur Meliev va Jizzax viloya­ti IIB huzuridagi Tergov bosh­qarmasi boshligʻi, podpolkovnik Azizbek Habibullaevni alohida faxr bilan tilga oladi. 2016 yilda izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatilgan, 60 yoshni qarshilayotgan isteʼfodagi podpolkovnik Baxtiyor Bobomurodov hozirda Sayxunobod tumani IIB Faxriylar kengashi raisi sifatida yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etmoqda. U baxtli oila sohibi ham. Toʻrt nafar farzandining barchasi oliy maʼlumotli, turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. 

Abdurahmon MUSTAFOQULOV, 

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.