Bir marta jinoyat sodir etgani uchun jazolangan Zilola (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning koʻzi ochilmadi. Ikkinchi marta u Jarqoʻrgʻon tumani «Mehnat-rohat» mahallasida yashovchi Yu.Safarovga uning boʻlajak turmush oʻrtogʻini Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qiladi. Buning evaziga “tanishlari”ga 2000 AQSH dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida berishi kerakligini aytadi. Zilola ushbu pullarni olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Bu ham yetmagandek, Yu.Safarovning boshqa qarindoshini ham shu oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kiritishga ishontirib, yana 2000 AQSH dollarini undiradi. Zilola yana 7 kishini ana shunday firibgarlik yoʻli bilan aldab, chuv tushiradi.
Oxirgi marta Termiz shahar «Boʻston» mahallasida yashovchi B.Karimovga shahar hududida qurilayotgan yangi koʻp qavatli uylardan subsidiya asosida uy olib berishni vaʼda qilib, 1900 AQSH dollarini olayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Firibgarlik yoʻli bilan odamlarni aldab, boyishni maqsad qilgan Zilolaning qilmishlariga qonunan chora koʻrildi.
Avaz RAHIMOV.
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi
Tergov boshqarmasi
OʻMIB tergovchisi, mayor.
