Kogon tumanida yashovchi fuqaro S.Keldi (ismlari oʻzgartirilgan) ham nafsi hakalak otganlar toifasidan chiqdi. U “Niyoz-hoji” mahallasida yashovchi fuqaro H.Mamlakatning uyiga borib, turmushidan ajralgan qizi yoki agar xohlasa oila aʼzolarining har biriga tuman hokimligidan tanishlari orqali 5 million soʻmdan yordam puli olib berishini ishontirib, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 2 million soʻm toʻlov xarajati borligini aytadi. H.Mamlakat ham ikkilanmasdan aytilgan pulni beradi. Firibgar S.Keldi esa pulni olib oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

“Tarki odat, amri mahol” deganlaridek, u shu mahallada yashovchi yana bir fuqaro B.Halimning ham ishonchiga kirib, unga arzon uylardan olib berishni vaʼda qiladi. Soʻng dastlabki toʻlov uchun 7 million 210 ming soʻm pullarini avans sifatida aldov yoʻli bilan oladi va takroran firibgarlik jinoyatini sodir etadi... 

Shu tariqa, S.Keldining firibgarligi fosh boʻldi. U qilmishi uchun qonun oldida javob berdi. 

Q. XOLOV,

Buxoro viloyati.