Koson tumanida yashovchi Ali Markayev firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun muqaddam ikki marotaba sudlangan. Ammo bundan toʻgʻri xulosa chiqarmaydi. Yoʻqsa yana eski «hunar»ini davom ettirarmidi. U Qarshi shahriga kelgach, «Nexia» avtomashinasida kirakashlik qilib yurgan B. Itolmasov bilan tanishadi. Gap orasida kirakashlik bilan shugʻullanish istagini bildirib, avtomobilni oyiga bir million besh yuz ming soʻm evaziga ijaraga oladi. Oradan koʻp oʻtmay, B. Itolmasov ikki bosh qoramolini sotmoqchi ekanidan xabar topib, «Mollaringizni men olaman», – deydi. Shu tariqa qishloq ahli orasida mol sotib oluvchi sifatida tanilib, yana bir necha shaxsni aldashga muvaffaq boʻladi.

Soʻng Nishon tumaniga borib, O. Xoʻjakeldiyevning 4 bosh qoramolini 12 million soʻmga narxlab, pulini ikki hafta ichida yetkazishga vaʼda qiladi. Soʻzi ishonchli chiqishi uchun tilxat ham yozib beradi. Keyinchalik Sh.Toʻrayevning 15 bosh qoramolini 34 million soʻmga baholab, uning ishonchini qozonish uchun ijaraga olgan «Nexia» avtomobilni garovga qoldiradi. Biroq u vaʼdasini bajarmay, mollarni olib qochib ketadi. Firibgarlik oqibatida mol egalari ham, avtomashina sohibi ham jabr koʻradi.

Jabrlanuvchilarning arizasi asosida Ali Markayevga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, u qidiruvga berildi. Qochoq tez orada qoʻlga olindi. Guvohlar koʻrsatmalari va moddiy dalillar uning aybini toʻliq isbotladi. Hozirda jinoyatchi qonun oldida javob bermoqda.

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, har qanday jinoyat ertami yo kechmi, albatta, fosh boʻladi. Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan keyin ham chiqadi. Zero, jinoyat jazosiz qolmaydi.

Ramziddin ODILOV, 

Qashqadaryo viloyati 

IIB TQX JQB MTB inspektori, podpolkovnik.