Kun qahramoni
Kun sovuq. Barcha odamlar issiq kiyimlarini kiygan. Bolajonlar qiyqirib qor oʻynagan. Xizmat vazifasini oʻtab yurgan Yakkasaroy tumani IIOFMB 1-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektorlari, kapitanlar Muhammaddamin Odilov va Parda Xudoyqulov esa koʻchada uysizligi tufayli daraxt tagida oʻtirgan bir kishining yoniga borib, unga yordam berishdi. Chunki uning usti yupun, sovuqdan titrab, qaqshab daraxt tagida oʻtirardi.
Xodimlar bu insonga birinchi yordam koʻrsatib, issiq kiyim-bosh va oyoq kiyim berishdi. Oʻz navbatida, bir-ikki fuqaro ham xodimlarga koʻmak boʻlishdi. Bu holatga guvoh boʻlgan shu atrofdan oʻtib ketayotgan fuqarolar osoyishtalik posbonlariga minnatdorchilik bildirishdi. Bu, eng avvalo, odamiylik, insonlarga boʻlgan mehr-oqibat va kasbiga boʻlgan sadoqat namunasidir.
Kapitan Muhammaddamin Odilov 1992 yilda Andijon viloyati Jalaquduq tumanida tugʻilgan. 2015 yilda IIV Akademiyasini tamomlagan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani IIB JQ va UJQKB tezkor vakili vazifasidan boshlagan.
2018 yildan Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani IIOFMB 4-sonli IIB HPB profilaktika inspektori lavozimiga oʻtkazilgan. Hozirda Yakkasaroy tumani IIOFMB 1-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Kapitan Parda Xudoyqulov 1987 yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. 2010 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2012 yildan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qoʻriqlash boshqarmasi 4-alohida militsiya batalonidan boshlagan. 2018 yilda Yunusobod tumani IIOFMB HPBga oʻtkazilgan. 2021 yildan eʼtiboran Yakkasaroy tumani IIOFMB 1-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
