Bugungi kunda fuqarolarga yengilliklar yara­tish hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida sohadagi maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun sanksiyalarning darajasini tegishli huquqbuzarlikning ijtimoiy ahamiyati va oqibatlari bilan mutanosib boʻlishini taʼminlash hamda maʼmuriy jarimalar miqdorlarini maqbullashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga sohadagi maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini aniq belgilash va maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda fuqarolarga yengillik yaratishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Tahririyatimizga mushtariylarimiz tomonidan shaxsni identifikatsiyalovchi ID-karta va u bilan bogʻliq turli masalalar boʻyicha savollar kelib tushayotgani bois bu haqda batafsil maʼlumot berishga qaror qildik.

Savollarga IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Ruslan ZABIROV javob berdi:

– Pasport yoki ID-karta qanday hujjat, ular qonunchilikka koʻra davlat mulki hisoblana­dimi yoki fuqaroning shaxsiy mulki?

– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi­ning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini hamda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatdir. Prezidentimizning 2020-yil 22-sentabrdagi farmoni 1-ilovasi bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi toʻgʻrisida»gi nizomning 3-bandida ID-karta Oʻzbekiston Respublikasi mulki va uning egasi Oʻzbekiston Respublikasi himoyasida ekanligi belgilangan.

– ID-kartaning afzal jihatlari nimada? 

– ID-karta Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro­ligini hamda fuqaroning shaxsini tasdiqlash bilan bir qatorda, respublikamizning barcha soha­larida muhim rol oʻynaydi. Jumladan, shaxslar­ning doimiy yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tizimida, mavjud aholi soni statistikasini yuritishda, hududlarning infratuzilmasini shakllantirishda, aholiga pensiya va tibbiy taʼminot, boshqa ijtimoiy kafolatlarning koʻrsatilishida, davlat xizmatlari koʻrsatishni rejalashtirishda, mavjud resurs va mablagʻlarni toʻgʻri taqsimlashda, aholining bandligini taʼminlashda, Qurolli Kuchlarni shakllantirishda, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olishda, eng muhimi, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlarda fuqarolarning ishtirokini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, fuqarolarga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish, davlat xiz­matiga kirish, davlat hokimiyati vakillik organlari­ga saylash va saylanish va boshqa huquqlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi.

– ID-kartaning amal qilish muddati qancha? U kimlarga, necha yoshda beriladi?

– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlarni yigʻish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:

– 1 yoshgacha boʻlgan yangi tugʻilgan bolaga – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga koʻra);

– 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga koʻra);

– 16 yoshdan – 10 yil muddatga.


– Hujjatning almashtirish muddati hatto bir necha oy oʻtib ketgan fuqarolar ham uchrashi mumkin. Oʻz vaqtida ID-kartani almashtirmagan fuqarolarga nisbatan jarima qoʻllanadimi?

– Fuqaro ID-kartasi amal qilish muddati tugaganda va tegishli yoshga toʻlgandan soʻng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va millati oʻzgargandan soʻng bir oy muddatda ID-karta olish uchun murojaat qilishi lozim. Oʻz vaq­tida murojaat qilinmasa, bu Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks­ning 223-moddasi talablariga asosan bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

– ID-kartani yoʻqotib qoʻygan yoki yaroqsiz holga keltirgan fuqarolarga nisbatan qonunchiligimizda qanday choralar koʻriladi?

– Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks­ning 223-moddasi talablariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini, xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamagani oqibatida yoʻqotib qoʻyishi, shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxsning harakatlanish hujjatini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamagani oqibatida yoʻqotib qoʻyishi, mamlakatimiz hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini (Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasd­dan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamagani oqibatida yoʻqotib qoʻyishi bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorida jarima solinishiga olib keladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solish­ga sabab boʻladi.

– Bu muhim hujjatlarning qanday hollarda yaroqsiz holga kelgan deb hisoblanishi ham mushtariylarimizni qiziqtiradi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2011-yil 5-yanvardagi farmonining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti toʻgʻrisida»gi nizomning 17-bandida fuqaro pasportini ehtiyot qilib saqlashi shartligi belgilangan.

Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartaning yaroqsizlantirish faktini pasportlarning varaqlarini yirtib tashlangani, pasportga qoʻyilgan belgilar­ning koʻrinmas holatga keltirilgani yoki shaxsning biografik va biometrik maʼlumotlariga qasddan yoxud ehtiyotsizlik oqibatida shikast yetkazilgani va boshqa holatlar tasdiqlaydi.

Hujjatlarni yaroqsizlantirish fakti asosan hujjatlarni koʻzdan kechirish orqali aniqlanadi.

– Baʼzi fuqarolar qayd varagʻini olib yurganiga ham koʻzimiz tushyapti. Bu qanchalik toʻgʻri?

– Davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-aprel­dagi «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini rasmiy­lashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga roʻyxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali «yagona darcha» tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshirilmoq­da. 

Fuqarolarimiz «Manzil» tizimi orqali doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi va ularga fuqaroning doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingani toʻgʻrisida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varagʻi beriladi.

Fuqarolarning qayd varagʻini olib yurishlariga chek qoʻyish maqsadida Ichki ishlar vazirli­gining «Manzil» tizimi «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilingan. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda va boshqa maʼmuriy tartib-tamoyillarni amalga oshirishda fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingani haqidagi maʼlumotlarni fuqarolardan talab qilmasdan, mazkur platforma orqali mustaqil ravishda soʻrab olishi imkoniyati yaratilgan.

– Biometrik pasportni ID-kartaga almash­tirishning oxirgi muddati qachon?

– Prezidentimizning 2020-yil 22-sentabr­dagi «Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan. Demak, fuqarolar biometrik pasportlarini 

2030-yil 31-dekabrgacha ID-kartaga almash­tirishlari lozim.

Oʻz muxbirimiz 

Sherzod ABDUSAMADOV yozib oldi.