– Itlar kuchli va sogʻlom boʻlib oʻsishi uchun ularga vitamin va mikroelementlarga boy ozuqa beriladi, – deydi veterinar, leytenant Shuhrat Ergashev. – Turli kasalliklarga qarshi emlanadi. Har bir kuchukka jismoniy mashqlar boʻyicha alohida tartib ishlab chiqiladi. Albatta, bunday ilmiy yondashuv xizmat itlarining doim xizmatga shayligini taʼminlashda, jinoyat qidiruv faoliyati samaradorligida muhim ahamiyatga ega. 

Kichik inspektor-kinolog, safdor Hasan Xoljigitov bir necha yillardan beri ushbu sohaviy xizmatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan xodimlardan biri. U oʻziga biriktirilgan nemis ovcharkasi yordamida oʻnlab jinoyatlarning ochilishiga katta hissa qoʻshgan. 

– Itlar mehrga tashna boʻladi, – deydi Hasan Xoljigitov. – Yaxshi munosabatda boʻlsangiz, gʻamxoʻrlik qilsangiz, ular sizning sodiq doʻstingizga aylanadi. Berilgan topshiriqni aʼlo darajada bajaradi. 

Yaqinda tungi navbatchilik paytida Guliston shahridagi doʻkonlardan birida oʻgʻrilik sodir boʻlgani toʻgʻrisida xabar kelib tushdi. Voqea joyiga yoʻl olgan tezkor guruh tarkibidagi safdor Hasan Xoljigitov oʻziga tegishli xizmat iti bilan iz olishga tushdi. 

Maʼlum boʻlishicha, oʻgʻri doʻkonning tom qismini buzib ichkariga kirgan. Pul va qimmatbaho buyumlarni olgan va eshikni buzib, chiqib ketgan. It dastlab iz olishga qiynaldi, keyin esa doʻkondan uncha uzoq boʻlmagan mahalla koʻchasi boʻylab yugurdi. Hovlilardan biridagi somon gʻarami oldiga borib, hura boshladi. Uydan ellik yoshlardagi xonadon egasi chiqdi. Xodimlar guvohlar oldida pichan gʻaramini tekshirishdi. Uning ostidan doʻkondan oʻgʻirlangan qimmatbaho idish-tovoqlar chiqdi... 

Viloyat ichki ishlar organlari kinologiya xizmati xodimlari tomonidan ularning beminnat koʻmakchilari yordamida ochilgan bu kabi jinoyatlarga yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Ammo ular sharafli xizmati orqali erishayotgan yutuqlarini hamma vaqt ham oshkor qilishavermaydi. Bu sohaviy xizmatda yuksak insoniy xislatlarga ega insonlar – kasbiga sodiq, fidoyi xodimlar faoliyat yuritayotganining dalolatidir.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV, 

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.