Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov IIV Akademiyasining bir guruh kursant va tinglovchilariga onlayn tarzda mahorat darsi oʻtdi. “Jizzax viloyatidagi kriminogen vaziyat va hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishning muhim masalalari” mavzuidagi mashgʻulotda Jizzax viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Saboq avvalida boshqarma boshligʻi viloyatning oʻziga xos jihatlari, xususan geografik joylashuvi, boshqa davlatlar bilan chegaradosh hududlari hamda aholi punktlariga oid maʼlumotlarni keltirib oʻtdi. Shundan soʻng joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda roʻy bergan jinoyatlar, ularni keltirib chiqargan sabab va omillar, qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.

Dars davomida kursantlar amaliyotini tashkil etish, yosh xodimlarga murabbiy biriktirish, akademiya bitiruvchilari dastlabki faoliyatlarida yoʻl qoʻyadigan kamchiliklar, ularni bartaraf etish yoʻllari tilga olindi. Hamkasblariga oʻrnak boʻlayotganlarni ragʻbatlantirish hamda xizmat intizomi va qonuniylikka zid xatti-harakatlarni sodir etganlarga nisbatan chora koʻrilganligiga oid misollar keltirib oʻtildi.

Mahorat darsida har bir hududning oʻziga xos jihatini inobatga olgan holda qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, tezkor xizmatlar faoliyatini tashkil etish, voqea joyini oʻrganishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar toʻgʻrisida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Saboq davomida Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashda ilmiy uslublardan foydalanish darajasini yuksaltirish yuzasidan takliflar bildirildi. Yakunda tinglovchi va kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga boshqarma boshligʻidan javoblar olishdi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.