Mamlakatimizda yoshlarning muammolarini hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaqinda Navoiy viloyati IIB boshligʻi va MMX viloyat boshqarmasi rahbari ana shu maqsadda Navbahor tumanida uyushmagan yoshlar bilan uchrashishdi.
Muammolariga yechim istab kelgan ellikka yaqin yoshlar ichida Gʻiyos Saydullayev ham bor edi. U avtomashinalarni taʼmirlash boʻyicha mohir usta. Ammo ijaraga joy olib ishlashdan ancha qiynalgan. Shu boisdan imtiyozli kredit olish uchun harakat qilayotgan edi. Sayyor qabul chogʻida mazkur masalani hal etishda yordam soʻrab murojaat qildi. Uning murojaati atroflicha oʻrganilib, avtomobillarga xizmat koʻrsatish shaxobchasi faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun imtiyozli kredit rasmiylashtirilib berilishi aytildi.
Nigora Karimova esa tikuvchilik faoliyatini kengaytirish uchun joy soʻrab murojaat etdi. Yosh tadbirkor ayolning ham murojaati joyida hal etildi. Viloyat IIB boshligʻi hamda DXX viloyat boshqarmasi rahbarining oʻzaro hamkorlikda yoshlar muammolarini aniqlash va bartaraf etish jarayoni barcha shahar va tumanlarda davom etmoqda.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.