Xorazm viloyati IIBda hafta davomida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar va ularning samaradorligi tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar organlari masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Yigʻilish avvalida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar va ularning kelib chiqish sabablari atroflicha tahlil etildi. Shundan soʻng hududlarda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar va ularning natijadorligi yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Tadbirda “Xavfsiz bolalik” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar Tuproqqalʼa tumanida samarali tashkil etilgani alohida eʼtirof etildi va bu tajribani viloyatdagi barcha shahar va tuman hududlarida keng tadbiq etish tavsiya etildi.
Yigʻilishda zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
