– Mahallada 2800 nafardan ziyod aholi istiqomat qilsa-da, tuman markazidagi eng gavjum hudud sanaladi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Sababi, bu yerda bozor, istirohat bogʻi, avtoshohbekatlar, markaziy shifoxona hamda turli davlat tashkilotlari joylashgan. Shu bois har kuni bir necha minglab fuqarolar bu yerga turli yumushlar bilan yoki madaniy hordiq chiqarish uchun kelib-ketishadi. Dastlab ish boshlagan paytlarimda qayerda jinoyatlar salmogʻi yuqori ekanini tahlil qilib chiqqanman. Shunga qarab, xavfli nuqtalarda profilaktik taʼsir choralarini kuchaytirdik.

Katta inspektorning qayd etishicha, mahalladagi koʻchalarning asosiy kirish va chiqish joylari hamda aholi koʻp toʻplanadigan maskanlarga kuzatuv kameralari oʻrnatilib, xizmat xonasiga va tuman IIBga intergatsiya qilingan. Bu jinoyatchilikni jilovlashda yaxshi samara berdi.

– Hududimizdagi istirohat bogʻida yoshlar koʻp toʻplangani sababli jinoyatlar tez-tez sodir etilavergach, bu yerga ham yuzni tanib olish imkoniyatiga ega kameralar oʻrnatdik, – deydi osoyishtalik posboni. – Dastlabki kunlari kameralarni kuzatib turganimda bir necha holatda yoshlarning oʻzaro janjallashayotganini payqab qoldim va zudlik bilan oʻsha joyga yetib bordim. Keyin yoshlarga hudud kameralar nazorati ostida ekanini, hech qachon oʻzaro janjallashish yaxshilikka olib kelmasligini uqtirdim. 

Mahalla raisi Odiljon Madaminovning taʼkidlashicha, raqamlashtirish bilan birga, «xonadonbay» va «fuqarobay» usulida ish tashkil etilgani ham jinoyatchilikni jilovlashda muhim omil boʻlmoqda. 

– Har kuni birgalikda uyma-uy yurib, odamlar bilan muloqot qilamiz, – deydi oqsoqol. – Fuqarolarning muammolarini aniqlash va ularga amaliy yordam berish bilan birga, doim hushyor va ogoh boʻlishga, firibgarlarga ishonmaslikka, koʻchada shubhali odamlarni koʻrsa xabar berishga chaqiramiz. Notinch, janjalkash oilalar bilan ham alohida ish olib boryapmiz. Masalan, yaqinda ajralish yoqasiga kelib qolgan ikkita oilani oʻzaro murosaga keltirdik.

Xotin-qizlar faoli Malohatxon Mahmudova, yoshlar yetakchisi Rahmatillo Hasanboyev, hokim yordamchisi Ulugʻbek Arabboyev ham profilaktika inspektori bilan hamisha yelkadosh. Mahalladagi 885 nafar yigit-qizga yoshlar yetakchisi hamda profilaktika katta inspektori tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam koʻrsatilyapti. Xususan, 2024-yilning oʻtgan davrida 40 nafar ishsiz yoshga dehqonchilik qilib daromad olishi uchun 25 sotixdan yer maydonlari ajratib berildi. Ikki nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan yoshga esa subsidiya asosida mehnat qurollari (motokultivator, payvandlash apparati) olib berildi. Yana ikki nafar yosh doimiy ishga joylashtirildi. 

Oʻsmirlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida mahallada va shu hududdagi maktablarda jami 43 ta toʻgarak tashkil qilindi. Natijada mahalla yoshlari oʻrtasida ham jinoyat sodir etilmadi.

Mayor Umidjon Zokirov qancha zahmat cheksa-da, rahbariyatga bergan vaʼdasini bajardi. 2024-yil boshidan mahalla jinoyatchilikdan butunlay xoli hududga aylanib, «yashil» toifaga oʻtdi. «Yozyovon» mahalla fuqarolar yigʻini hududida hozirgacha ham birorta koʻngilsiz holat sodir etilmadi. 2012-yilda sohada ish boshlagan Umidjon Zokirov 8 nafar yosh inspektorga rahbarlik va ustozlik ham qilmoqda. Eʼtiborlisi shundaki, uning shogirdlari nazoratidagi mahallalarning 7 tasida birorta jinoyat sodir etilmagan, barchasi «yashil» hudud.

– Ichki ishlar organi xodimi boʻlib, xalq xizmatida yurarkanman, otamning orzusini roʻyobga chiqarayotganimdan doim faxrlanaman, – deydi lavhamiz qahramoni. – Otam Soyibjon Zokirov «Men-ku maʼlum sabablarga koʻra niyatimga yetolmadim. Endi sen shu sohada ishlab, xalqimizga munosib xizmat qilsang, armonim qolmasdi», degandi. Shundan soʻng shu kasbni tanlaganman. Har doim uyga kirib borganimda, u kishi: «El-u yurtimizga sadoqat bilan xizmat qil. Hamisha yuzing yorugʻ boʻlsin, bolam», deya duo qiladi. 

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.