Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari odam savdosi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarni aniqlash hamda unga qarshi kurashish boʻyicha bir qator tezkor tadbirlarni amalga oshirishmoqda.

 – Joriy yilning oʻtgan davrida viloyat ichki ishlar organlariga odam savdosi bilan bogʻliq boʻlgan 21 ta ariza va shikoyat kelib tushgan boʻlib, ular atroflicha oʻrganib chiqildi, – deydi viloyat IIB TQX Jinoyat qidiruv boshqarmasi boʻlinma boshligʻi, podpolkovnik Anvar Avezov.Ushbu murojaatlar oʻz tasdigʻini topganligi uchun ularning barchasiga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Mazkur holatlarning 19 tasi shahvoniy, 2 tasi chaqaloq savdosi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlardir. Sodir etilgan jinoyatlarda 30 nafar shaxs ishtirok etgan boʻlib, shundan 28 nafari ayol, 2 nafari erkak kishini tashkil etgan. Jinoyatlarda 29 nafar shaxs jabrlanuvchi, deb topilgan. Shuningdek, viloyat hududida chaqaloq savdosining oldini olish maqsadida oʻtkazilgan tushuntirishlar natijasida 11 nafar fuqaroning jinoyat sodir etishiga barvaqt chek qoʻyildi.

Viloyat tibbiyot muassasalari tomonidan uzoq muddatga chet davlatlarga chiqib, yashash manziliga qaytib kelgan 80 ming 823 nafar fuqarodan 32 ming 951 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shunisi achinarliki, ularning 114 nafarida turli yuqumli kasalliklar borligi aniqlandi. Ayni kunlarda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonlari davom etmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikdagi tadbirlar samarali davom etmoqda.

Eldor SAFAEV,

mayor.

Xorazm viloyati.