Lavhamiz qahramonlari – Chust tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori, mayor Burxon Nazarov va Namangan viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi Kanselyariya boʻlinmasi xodimi, safdor Muqaddam Hatamovalardir.
Burxon Nazarov Chust tumanining 5250 nafar aholi istiqomat qiladigan «Bolo» mahallasi tinchlik-osoyishtaligi uchun masʼul. U xizmat faoliyati davomida mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida ijobiy natijalarga erisha oldi. Ilgari «Bolo» mahallasi «qizil» toifada edi. Mahalla yettiligining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli oʻtgan yili jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Bunga erishishning oʻzi boʻlgani yoʻq, albatta. Burxon Nazarov muqaddam sudlanganlar bilan yakka tartibda ishladi. Jinoyat sodir etishga moyil yoshlar nizoli oilalar aʼzolari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazdi. Xorijga ishlash uchun ketganlar bilan telefon orqali muloqotda boʻlib, ularning oilasidagi ijtimoiy holatni oʻrgandi. Koʻchalarga videokameralar oʻrnatishga bosh-qosh boʻlib, hududga kelib-ketayotganlarni nazoratga oldi.
Lavhamiz qahramonining oilasidan, farzandlar tarbiyasidan koʻngli toʻq. Buning uchun turmush oʻrtogʻi Muqaddamdan minnatdor.
Oʻz navbatida, Muqaddamxonning ham ishlari badastir. U ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini Uychi tumanidagi 6-sonli tergov hibsxonasida boshlagan edi. Yosh xodima oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib bordi. Tergov hibsxonasida saqlangan xotin-qizlar bilan muloqotda ularni toʻgʻri yoʻlga yetaklab, sud jarayoniga qadar tartib-intizom saqlashni taʼminlay oldi. Namunali xizmatlari uchun bir necha bor IIVning faxriy yorliqlari bilan mukofotlandi. Hozirda viloyat IIB Tibbiyot boʻlimida hujjatlarni tartiblash, murojaatlar bilan ishlash uning zimmasida.
Muqaddam nafaqat xizmatda namunali xodima, balki oilada chaqqon kelin, mehribon turmush oʻrtoq, masʼuliyatli onadir. Bu vazifalarni uddalash unga qiyinchilik tugʻdirmaydi. Boisi, farzandlari Muxtasar va Muhammadalini tarbiyalashda qaynonasi Buoyshaxon aya yaqindan yordam beradi. Qolaversa, roʻzgʻor yuritish masalalarida unga maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Oilada oʻzaro hurmat va bir-birini tushunish orqali barcha muammolarga yechim topish mumkin.
Burxon Namangan davlat universitetini tamomlagan. Oʻz kasbiy bilimlarini yanada chuqurlashtirish maqsadida IIV Akademiyasida sirtdan tahsil olyapti. Bu yil mazkur oliy taʼlim muassasasini tamomlaydi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
