Joriy yilning 13-mart kuni u-bu narsa xarid qilish uchun Hazorasp tumanidagi Universal savdo majmuasiga keldim. Oradan biror soat oʻtgach, ichida 1.500.000 soʻm boʻlgan hamyonimni yoʻqotib qoʻydim.
Hafsalam pir boʻlganicha tuman IIB 5-son huquq-tartibot maskani navbatchisiga uchrashdim. Shundan soʻng viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni Tumanlararo 4-otryad safdor-xodimi, safdor Inomjon Hayitboyev maskandagi vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan kuzatuv kameralari orqali mening murojaatim boʻyicha oʻrganish ishlarini olib bordi. Natijada hamyonimni Universal savdo majmuasi hududidagi savdo shoxobchalaridan birida eʼtiborsizligim oqibatida unutib qoldirganim maʼlum boʻldi.
Ochigʻi, murojaatim shunchalik tez va ijobiy hal boʻlishini kutmagandim. Bir necha daqiqalik oʻrganishlardan soʻng hamyonimni topib berishdi. Shunday xushmuomala, kasbiga sadoqatli yurt fidoyilari borligidan juda mamnun boʻldim. Kasbingizdan baraka toping. Doimo xalqimizning hurmat-eʼtiborida boʻlish nasib etsin.
Gulora MAMETOVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Beruniy tumani.
