Asli toshkentlik rus millatiga mansub 43 yoshli D.D boʻyni halol mehnat qilishga yor bermagani uchun yaqinlariga “Tuzuk ish topolmayapman” deb nolib yuraveradi. U 2021 yilning boshida tanishining taklifi bilan Navoiy viloyati Zarafshon shahriga ishlash uchun keladi. Lekin “Har yerni qilmagin orzu, har yerda bor toshu tarozu” deganlaridek, bu yerda ham ancha vaqt bekor yurib, tayinli ishning boshini tutmaydi. Natijada bor pulining ham choʻgʻi pasayib, barakasi uchadi.
Ana shunday kunlarning birida shahar markazida piyodalar yoʻlagidan yurib ketayotgan A.R.ning boʻynidagi 3 million 500 ming soʻmlik tilla zanjirni yulib olib, voqea joyidan qochib ketdi. U Toshkentga qaytib ketish, shu yoʻl bilan jinoyatini yashirishni maqsad qildi. Ammo rejasi amalga oshmadi. Zarafshon shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tergovchisi, kapitan L. Karimovning saʼy-harakatlari tufayli gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanib, qoʻlga olindi. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
