Kun qahramoni

Kapitan Tangirov Gʻiyosiddin Mavlonovich 1990 yilda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tugʻilgan. 2014 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlab, IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻmondonligi Urganch alohida batalonida vzvod komandiri oʻrinbosari lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2017 yilda vzvod komandiri, 2020 yildan buyon batalonning tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boʻlinmasi boshligʻi vazifasida xizmat qilmoqda.

U xizmat faoliyati davomida shaxsiy tarkibning kasbiy mahorati, jangovar shayligini oshirish, jismonan baquvvat, maʼnaviy jihatdan yetuk boʻlishi uchun astoydil harakat qilyapti. Ayniqsa, ustoz-shogird anʼanasi, ularning boy hayotiy tajribalarini yosh askarlarga sinchkovlik bilan oʻrgatib borishga alohida eʼtibor bermoqda. Batalonda maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarning samarali tashkil etilgani bois, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida harbiy xizmatchilar tomonidan qonunbuzarlik holatiga yoʻl qoʻyilmadi. Qolaversa, qoʻriqlanayotgan hududlarda jinoyat hamda huquqbuzarliklar qayd etilmadi.

Qahramonimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan ado etib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda. Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashining tashabbusi bilan Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamda harbiy qismlar shaxsiy tarkibi oʻrtasida oʻtkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvida kapitan Gʻ. Tangirov boshchiligidagi “Lochin” jamoasi faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, “Mard askar yoshlarga namuna”, “Mening armiyam-mening faxrim”, “Eng ilgʻor harbiy sportchi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng ilgʻor guruh”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod” va “Eng ilgʻor vzvod komandiri” nominatsiyalari boʻyicha oʻtkazilgan tanlovlarda ham qahramonimiz sabogʻini olgan harbiy xizmatchilar sovrindorlar safidan munosib joy olishdi. 

Kapitan Gʻiyosiddin Tangirov xizmat faoliyati davomida qoʻlga kiritgan yutuqlari hamda fidoyi xizmati uchun qoʻshin qoʻmondoni, harbiy qism komandiri, viloyat IIB hamda Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi tomonidan munosib tarzda ragʻbatlantirib kelinmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda”muxbiri.

Xorazm viloyati.

Suratlarda: IIV XAXTQ Urganch alohida bataloni boʻlinma boshligʻi, kapitan Gʻiyosiddin Tangirov.

Saʼdulla ABDULLAYEV olgan suratlar.