Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan ishlash va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7531-harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” hamda “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari tashkil etildi.

 Tadbirda mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va Chilonzor tumanida joylashgan 232-sonli umumtaʼlim maktabining 86 nafar oʻquvchi yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida barcha tashrif buyuruvchilar IIV Qorovul qoʻshinlari Namunali va koʻrgazmali orkestr jamoasining vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlari sadosi ostida tantanali kutib olindi. Shundan soʻng harbiy qism komandiri tadbirni ochib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar, harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti va yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtiruv oʻtkazildi.

Oʻquvchi-yoshlarning qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va milliy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini yanada mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbirda ularning eʼtiboriga maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi shaxsiy tarkibining koʻrgazmali chiqishi, harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmali namoyishi, shu bilan bir qatorda kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.

- Bunday tadbirlar yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, yurtga daxldorlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7531-harbiy qism komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Muhammadali Ablakulov. - Tadbir davomida harbiylikka qiziqish bildirgan oʻquvchilar bilan alohida suhbat oʻtkazdik.

 “Uch avlod uchrashuvi” doirasida oʻquvchi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, IIV Qorovul qoʻshinlari Faxriylar kengashi aʼzolari hamda yurtimiz va jahon arenalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan harbiy sportchilar oʻzlarining hayot tajribalari, Vatan himoyasi yoʻlidagi xizmat faoliyati haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar yoshlarga harbiy kasbning sharafi, masʼuliyati haqida batafsil tushunchalar berishdi.

- Harbiy qismga qilingan tashrif menda katta taassurot qoldirdi, deydi 232-sonli maktabning maxsus harbiy sport klubi aʼzosi, 9-sinf oʻquvchisi Xurshid Haydarov. - Kelajakda vatanimga, xalqimga sidqidildan xizmat qilishni, harbiy boʻlishni dilimga tugdim. Albatta buning uchun oʻz ustimda muntazam ishlashim, bilimlarimni yanada boyitishim lozim boʻladi. 

Tadbirda oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi hamda faol ishtirok etgan oʻquvchi-yoshlar Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. 

Azizjon Fayziyev,

podpolkovnik.