Jamiyatda har xil toifadagi insonlar boʻladi. Kimdir xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarib, qingʻir yoʻldan qaytsa, boshqasi oʻz aybini berkitish uchun yana xatoga yoʻl qoʻyadi.

Joriy yilning 7 oktyabr kuni Uchkoʻprik tumani hududida “Damas” rusumli avtomobil haydovchisi spirtli ichimlik isteʼmol qilib, ulovni mast holatda boshqarib yurganligi sababli unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashinasi jarima maydoniga olib kirilgan edi. 

Biroq, ushbu haydovchi javobgarlikdan kutulib qolish maqsadida Uchkoʻprik tumani IIB Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi inspektoriga pora taklif qildi. Inspektor uning harakatlari jinoyat ekanligi haqida bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan haydovchi oʻz fikridan qaytmadi.  

Oqibatda birinchisidan ham ayanchliroq holatga tushib qoli. Joriy yilning 8 oktyabr kuni YHXG maʼmuriy binosida 100 AQSH dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan qoʻlga tushdi.

10 oktyabr kuni Rishton tumani hududida ham xuddi shunday holat qayd etildi. “Damas” rusumli avtomabil haydovchisi spirtli ichimlik isteʼmol qilib, ulovni mast holatda boshqarib yurganligi sababli YPH inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga olib kirildi.

Ushbu transport haydovchisi ham aybini pora bilan yopishga urindi. Javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida yoʻl-patrul xizmati inspektoriga 200 AQSH dollari miqdorida pul taklif qilaverib, holi joniga qoʻymadi.

Natijada Rishton tumanida joylashgan vaqtinchalik saqlash jarima maydonchasida xodimga 200 AQSH dollarini bergan vaqtida ushlandi.

Fargʻona viloyat IIB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, endi ushbu fuqarolar qilmishlariga yarasha qonun oldida javob berishadi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.