Sojida (ismlar oʻzgartirilgan) shoshib koʻchaga chiqdi va manziliga tezroq yetishi uchun taksi toʻxtatdi. Oq rangli “Spark” kelib toʻxtadi va narxni kelishishgach, mashinaga oʻtirdi. 

Ketayotib, orqa oʻrindiqda turgan bejirim ayollar sumkasiga koʻzi tushdi. Havasi ketdi. Sumkani sekingina olib, ichini qaragandi, bir dasta pul turibdi. Sojidaning ichi gʻimilladi. Sumkani astagina qoʻyniga yashirdi va manziliga yetgach, taksichiga pulini berib, tushib qoldi. 

Sumka “Spark” haydovchisining turmush oʻrtogʻi Komila Olloyorovaga tegishli edi. Eri uyga qaytgach, orqa oʻrindigʻida qoldirgan sumkasini topolmagan K.Olloyorova tezda viloyat IIB «102» xizmatiga qoʻngʻiroq qildi. Sumka ichida jami 7750000 soʻmlik 2 ta tilla taqinchoq va 300 ming soʻm pul borligini va uni kimdir oʻgʻirlab ketganini maʼlum qildi. 

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan koʻrilgan choralar natijasida ushbu qingʻir ishni avtoulovga yoʻlovchi sifatida oʻtirgan, Sariosiyo tumanida yashovchi, Sojida Umarova sodir etgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.