Gumonlanuvchi tergovchining savollariga javob berishdan qochar, voqea joyida boʻlmaganini, u yerlarda tanishi yoʻqligini aytib turaverdi. Nuridillo Abdumoʻminov oxiri uning barmoq izlari Guliston shahar 1-mavzedagi oʻgʻirlik sodir boʻlgan xonadondan topilganini aytdi, ekspert xulosasini koʻrsatdi. Dalil oldida ojiz qolgan shaxs aybini tan olishga majbur boʻldi...
Nuridillo Abdumoʻminovning bosib oʻtgan yoʻli hikoyaga oʻxshaydi. 1956-yilda Guliston tumanida tugʻilgan. 1973-yil yozida oʻrta maktabni tugatgan yigit Guliston tumani sudida kotib boʻlib ishga kiradi. 1975–1980-yilda ToshDUning yuridik fakultetida huquq fanining nazariy jihatlarini chuqur oʻrganadi. Guliston shahar IIB Tergov boʻlimi tergovchisi vazifasida boshlaydi.
Tergov boʻlimi boʻshligʻi mayor Akrom Bayroqdorov yosh kadrga hujjat rasmiylashtirishni tergov qilish jarayonini oʻrgatadi. Bu oʻz samarasini bermay qolmaydi. Maʼlum vaqt oʻtgach, u tergovchi sifatida ancha shakllanadi. Shundan keyin esa oʻgʻrilik, bosqinchilik kabi jinoyatlarni tergov qilishga ruxsat beriladi.
– Oʻsha yillarda hujjatlar mashinkada yozilardi, kompyuter yoʻq edi, – deb eslaydi isteʼfodagi mayor Nuridillo Abdumoʻminov. – Har bir qogʻozning orqasiga kopiya qiladigan qora qogʻoz qoʻyilar, har bir hujjat olti nusxada bosilardi. Kechasi bilan mashinkalarimiz chiqillab chiqardi. Har bir jinoyat ishi yigirma-oʻttiz varaq boʻlib ketardi. Rasmiylashtirish ogʻir boʻlgani bois hujjatda xato qilmaslikka harakat qilardik.
Nuridillo Abdumoʻminov olti yil davomida Guliston shahrida tergovchi lavozimida mana shu tarzda ishladi. Shu davrda u uylandi. Farzandlar koʻrib, oilasi kattalashdi. U haliyam har kuni qirq chaqirim yoʻl bosib ishga borib-kelardi. Shu bois rahbariyatdan ishini Guliston tumaniga koʻchirishlarini soʻradi. 1986-yil arizasi qanoatlantirilib Guliston tumani IIB Ahloq tuzatish ishlari boʻlimiga oʻtkazildi. Toʻrt yildan soʻng tuman IIB Pasport boʻlimi boshligʻi etib tayinlandi.
Nuridillo Abdumoʻminov, ayniqsa, ushbu lavozimda ishlagan yillarda oʻz kasbiga, xizmat vazifasiga sodiq xodim sifatida hurmatga sazovor boʻldi. U uzoqdan kelgan fuqarolarning, keksa insonlarning birinchi oʻrinda ishini bitirib berishga harakat qilardi. Ularni sarson qilmaslikka urinardi. Xalqparvar rahbarning bu xatti-harakatini hamma doim mamnuniyat bilan qabul qilardi.
U shogirdlari mayorlar Uchqun Akromov, Olimjon Zulpanovlarga ham shu xislatini singdirdi.
Nuridillo aka oilaparvar inson.
U turmush oʻrtogʻi bian toʻrt qiz va ikki oʻgʻilni voyaga yetkazgan. Oʻgʻillari tadbirkorlik bilan shugʻullanishadi. 2000-yilda pensiyaga chiqqach, hozir ham tinib-tinchimaydi. U Guliston tumani IIB Faxriylar kengashi raisi. Qariyb 150 nafarga yaqin faxriylarning tashvishi uning zimmasida.
«Faxriylarning boy tajribasi bugun yosh xodimlarning xizmat faoliyatini samarali tashkil etishda juda zarurdir. Shu sababdan ular holidan muntazam xabar olish, muammolari bilan qiziqish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va boshqa masalalarda biz doimo yordamga tayyormiz», – deydi isteʼfodagi mayor N.Abdumoʻminov.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
