Faxriylar – faxrimiz

Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 1973 yilda boshlagan A. Rahimjonov Toshkent shahar IIBBda turli lavozimlarda samarali xizmat qilib, soha ravnaqiga, qolaversa, jinoyatchilikni jilovlashga munosib hissa qoʻshdi. 2000–2006 yillarda Toshkent viloyati IIBB bosh­ligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Abduqodir Rahimjonov hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha maqsadli ishlarning amalga oshirilishida jonbozlik koʻrsatdi. 

2008 yilda Buxoro viloyati IIB boshligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan pensiyaga chiqqan qahramonimiz sohadagi 35 yillik faoliyati davomida koʻp­lab shogirdlar yetishtirdi. 

Bugungi kunda nevaralarini ham oʻzi singari yurt koriga kamarbasta insonlar etib tarbiyalayotgan qahramonimizning bosib oʻtgan hayot yoʻli yoshlarga oʻziga xos ibrat maktabi vazifasini oʻtashi shubhasiz. 

– Uch nafar farzandimning izimdan borib kasbimni davom ettirishi ota sifatida ham, ichki ishlar organlari xodimi sifatida ham menga quvonch bagʻishlagan edi, – deydi isteʼfodagi polkovnik 

A. Rahimjonov. – Ammo umri qisqa ekan, kichik oʻgʻlim Alisher Rahimjonovning xastalik tufayli olamdan oʻtishi biz uchun ogʻir ayriliq boʻldi. Hozirda kelinim, leytenant Dilnoza Sodiqova Toshkent shahar Yunusobod tumani IIOFMBda oʻgʻlimning sharafli kasbini davom ettiryapti...

Toshkent viloyati IIBB Faxriylar kengashi aʼzosi A. Rahimjonov ayni paytda Qibray tumani hokimiyati mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi maslahatchisi – Nuroniylar kengashi raisi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.

Mamlakatimiz ichki ishlar organlarida yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida uzoq yillar sid­qidildan xizmat qilib, pensiyaga chiqqandan soʻng ham ona Vatanimizda boʻlayotgan islohotlarga kamarbasta faxriylar qatorida isteʼfodagi polkovnik A. Rahimjonov ham bugungi kunda xizmat jarayonida orttirgan tajribalari, ibratli ishlari bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelmoqda.

Sherzod ABDUSAMADOV,

«Postda» muxbiri.

Toshkent viloyati.