Yurtimizda ijtimoiy himoya tizimi yil sayin takomillashib boryapti. Muhtojlarga, nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalladagi bolaligidan nogiron bolaga ajratilayotgan nafaqa, yetim-yesirlarga yaratilayotgan sharoitlar – bularning barchasi mazkur tizim faoliyatining amaliy natijalaridir.
Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyat hayotida faolligini oshirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tumanning «Boldir» mahallasida yashovchi Sobir Ergashev bundan 33 yil avval baxtsiz hodisa tufayli ikki oyogʻidan ayrilgan. Shundan soʻng tushkunlikka tushgan, hayotdan umidini uzgan kunlari ham boʻldi. Ammo sabriga suyanib yashadi. Oilasining farovonligi, farzandlarining kelajagi uchun masʼul ekanligini unutmadi. Shu ahvolida yer chopdi, paxsa quydi, gʻisht terdi, tomorqada ishladi, poyabzal taʼmiri bilan shugʻullandi.
Mahallaning ijtimoiy xodimi Oʻgʻiloy Mahkamova Sobir akaning ahvolini oʻrgandi, eshitdi, tushundi. 2025-yilning aprel oyida unga maxsus buyurtma asosida protez oyoqlar tayyorlandi. Protezni ilk bor kiygan kuni Sobir akaning koʻzlarida shunday yorugʻlik bor ediki, bu nurni soʻz bilan ifoda etish qiyin. U ehtiyot boʻlib oʻrnidan turdi. Avval bir qadam, keyin ikkinchi, uchinchi qadam bosib, oʻziga oʻzi shivirlab shunday dedi: «Men yuryapman. Men yana boshqa odamlar singari yuryapman!» Bu oddiy yurish emas, inson irodasining, sabr va intilishining gʻalabasi.
– Oʻshanda hayotim yangidan boshlandi goʻyo. Endi yura olmasam kerak deb umid uzgandim. Shunday boʻlsa-da, oʻzimni qoʻlga olib, dehqonchilik qildim, kosibchilik bilan shugʻullandim. Oilam butligi, farzandlarim unib-ulgʻayishi uchun mehnat qildim. Sabr tagi sariq oltin ekan, menga koʻrsatilgan yordam, muruvvat umrimni nurafshon etdi. Meni yoʻqlab turishibdi, sihatgohlarga yuborishyapti, tibbiy koʻriklardan oʻtkazishyapti. Bunday insonparvar Vatanda yashaganing sayin yashaging keladi, – deydi Sobir aka.
Ha, inson egilishi, bukilishi mumkin. Ammo uni qoʻllab-quvvatlovchi davlat, jamiyat bor ekan, sinmaydi. Sobir akaning hayoti bunga yaqqol misoldir. Ijtimoiy himoya – bu hayotda duch kelgan muammolari yechimini topolmay turgan insonlarga har tomonlama madad boʻlish, ularning kelajakka boʻlgan ishonchini tiklash demakdir. Mamnun chehralar, chin dildan qilingan duolar, shodlikka yoʻgʻrilgan koʻngillar – bularning barchasi shu tizimga berilgan yuksak bahodir.
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
