Ilk xizmat faoliyatini Yangiyoʻl tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi surishtiruvchisi lavozimida boshlagan yosh xodimga isteʼfodagi podpolkovnik Alisher Sherboyev ustozlik qildi.
Keyinchalik Oqqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimida tergovchi, katta tergovchi lavozimlarida faoliyat yuritib, oʻz tajribasini yanada boyitdi.
– Xizmat faoliyatim davomida shunga amin boʻldimki, hech bir inson jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi, balki tashqi muhit taʼsirida notoʻgʻri yoʻlni tanlaydi, – deydi mayor I.Raimov.
– Aybiga yarasha jazo olganidan soʻng jinoyatchilarning aksariyati qilmishining notoʻgʻri ekanligini anglab yetadi. Biroq shunday shaxslar ham borki, ular dalillarni tan olmasdan, tergovni chalgʻitishga urinishadi. Ular keyinchalik ham qonunbuzarlik sodir etishga moyil kimsalardir.
U sohaga oid adabiyotlarni, oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini mutolaa qilib borishni toʻgʻri yoʻl deb biladi.
– Yaqinda Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romanini oʻqib, ulkan taassurot oldim, – deydi u. – Natijada jinoyatlarni tergov qilishda muhim sanalgan ijtimoiy-psixologik va falsafiy qarashlarim yanada kengaydi.
2022-yili viloyat IIBB tomonidan «Yilning eng yaxshi tergovchisi» deb topilgan. Lavhamiz qahramoni xizmatdan boʻsh paytlarida sport bilan shugʻullanib, farzandlar tarbiyasiga eʼtibor qaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, bor bilimi va salohiyatini oʻzi tanlagan sohaga baxshida etish bilan birga, tajribasini yanada boyitib kelayotgan tinib-tinchimas bu fidoyi xodim doimo oldinga intilib yashashni chinakam baxt deb biladi.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent viloyati.
