Keyingi vaqtda mahalla raislari uchun oʻtkazilayotgan saylovlarda fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, xususan, ichki ishlar organlari faxriylari nomzodini koʻrsatib, ularga koʻproq ishonch bildirishyapti. Albatta, buning sabablari talaygina.


– Birinchidan, ichki ishlar organlarida koʻp yillar xizmat qilib, pensiyaga chiqqan faxriylar mahalla tizimini yaxshi tushunadi, – deya izoh beradi Rishton tumani IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi mayor Eminjon Obidov. – Ikkinchidan, ularning huquqiy savodxonligi yuqori, hujjatlarni puxta yuritishadi, fuqarolar bilan qanday muomala qilishni yaxshi bilishadi. Eng muhimi, xalqni oʻz ortidan ergashtira olishadi. Shu bois fuqarolar raislikka faxriylarimiz nomzodi qoʻyilgan boʻlsa, hech ikkilanmay ularni saylashyapti. Bizning tumanda ham oʻndan ziyod mahallada aynan soha faxriylari rais boʻlib ishlamoqda. Viloyat boʻyicha esa ularning soni 150 nafarga yaqinni tashkil qiladi.

Eminjon Obidov tuman markazida joylashgan «Gumbaz» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, isteʼfodagi kapitan Dilshodjon Usmonov faoliyatini bizga misol qilib koʻrsatdi. Uzoq yillar ichki ishlar organlarida ishlab, nafaqaga chiqqan qahramonimiz sohada toʻplagan boy amaliy tajribasi tufayli raislikni namunali tarzda bajarib, mahalla ahlining ishonchini qozonmoqda.


– Mahallamiz hududida 287 ta hovli, 2 ta koʻp qavatli uy mavjud boʻlib, aholi asosan kulolchilik bilan shugʻullanadi, – deydi Dilshodjon Usmonov. – Yuzga yaqin xonadon egalari kulolchilikning u yoki bu yoʻnalishida daromad topadi. Bir xonadon loydan idishlar yasasa, boshqa bir xonadon ahli uni boʻyab, gul va naqshlar bilan bezaydi. Ayrim xonadon egalari esa uni sotish bilan shugʻullanadi.


Mahalla jinoyatchilik jilovlangan «yashil» toifadagi hududlar roʻyxatiga kiritilgan. Bu yutuqning sababi shundaki, avvalo, mahalla raisi profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisini oʻz atrofiga jamlay olgan. Ular bitta binoda faoliyat olib borishmoqda. Har kuni ertalab, mahalla idorasida toʻplanib, kunlik bajariladigan ishlarni oʻzaro maslahatlashib, taqsimlab oladilar.

Joriy yil boshidan «fuqarobay», «xonadonbay» usulidagi oʻrganishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilib, aholining kam taʼminlangan qatlamiga yordam berish, fuqarolarni ish bilan taʼminlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Masalan, mahallada istiqomat qiluvchi Manzuraxon Qosimova hamda Ziroatxon Yusupovaning oilaviy ahvoli oʻrganilib, ularni oʻz uyida ish bilan taʼminlash maqsadida tomorqasiga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi. Qoʻlida tikuvchilik hunari bor 6 nafar ayolga esa tikuv mashinalari berildi. 1 nafar fuqaroga payvandlash uskunasi olib berilib, uning bandligi ham taʼminlandi.

Mahallada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida juda koʻp misollar keltirish mumkin. Eʼtiborlisi, mahalla oqsoqoli erta tongdan to qosh qorayguncha oʻz mahallasida, xalq dardi bilan andarmon.


Nuroniylar «Hormang, rais!» deya unga kuch-quvvat tilaydi. Yoshlar qoʻllari koʻksida salom berib oʻtadilar. Mahalla idorasiga biror muammo bilan kelib, mushkuli oson boʻlgan fuqarolar esa, «Otangizga rahmat, rais» deya alqab, minnatdorlik bildirib ketadi.


Bizningcha, chinakam elparvar va fidoyi mahalla raisi shunday boʻlishi kerak.


Abduvosit SIDIQOV,

«Postda» muxbiri.

Fargʻona viloyati.


Suratda: Rishton tumani IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi mayor Eminjon Obidov, «Gumbaz» MFY raisi, isteʼfodagi kapitan Dilshodjon Usmonov hamda profilaktika katta inspektori, kapitan Nodirjon Ibrohimov.