Kasb fidoyisi

Katta serjant Oxunjon Hayitov viloyat IIB JXX JTSB patrul-post xizmati batalonida xizmat qilayotganiga ham oʻn ikki yildan oshdi. Oʻtgan davrda u oʻz ustida ishlab, sohaga oid bilim va koʻnikmalarini boyitdi. Ayni paytda batalonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash otryadi guruh komandiri lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda. 

 Yaqinda O. Hayitov shogirdi, safdor Abdulaziz Abdullayev bilan Buxoro shahridagi dehqon bozori atroflarini koʻzdan kechirib yurgan paytda “paynet” shoxobchalaridan birining sotuvchisi ularga murojaat qilib qoldi. Gap shundaki, notanish bir fuqaro plastik kartasiga 550 ming soʻm pul tushirtirib, soʻng pullarni bermasdan ketgan ekan. Hushyor xodimlar darrov notanish fuqaroning tashqi koʻrinishi, yoshi va shunga oʻxshash belgilarini soʻrab olgach, izlashga tushishadi. Shubhali shaxs hali dehqon bozoridan ketib ulgurmagan ekan. Uni ushlab shaxsiga aniqlik kiritilganda, Navoiy viloyati Karmana tumani “Zarafshon” mahallasida yashovchi O.F. boʻlib chiqdi. Uning shu kabi tamagarlik holatlarini bir necha bora sodir qilganligi maʼlum boʻldi. Hozirda unga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda.

 Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.