Uning bunday yoʻl tutishiga qonunbuzarlar tarmoqdan oʻtgan mis simlarni toʻgʻri kelgan joyidan kesib olganligi sabab boʻlgandi. Ushbu holat jinoyatchilarning rangli metalni sotib, foyda koʻrishni rejalashtirganliklariga ishora qilardi. Katta serjant adashmagan ekan. Jizzax shahrining «Yoshlik» mahallasidagi metall qabul qilish shoxobchasida oʻgʻirlangan sim oʻramlarining bir qismi topildi.
Sherzod Rustamov oʻgʻirlik yuk ortilgan avtoulov haydovchisini ham tezda aniqladi. Buning uchun shoxobchaning kirish qismidagi videokuzatuv qurilmasi xotirasidagi tasvirlarni koʻzdan kechirish kifoya qildi. Soʻng qonun himoyachisi transport vositasining davlat raqam belgisi orqali avtomashina egasini topdi. Oʻz navbatida, u yukni qaysi xonadondan olganligini koʻrsatdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari Sharof Rashidov tumanining «Pastki soʻloqli» mahallasida yashovchi qonunbuzarning hovlisiga kirib borganlarida, simlarning polietilen qoplamasi kuydirilishidan hosil boʻlgan chiqindilar uyumini koʻrishdi. Shundan soʻng rangli metall «ishqibozi» aybini tan olishga majbur boʻldi. Oʻsha kuniyoq uning «Xalqobod» mahallasida istiqomat qiluvchi sherigi ham qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, oʻgʻrilar sim oʻramlarini 35 million soʻmga pullashga ulgurishgan ekan. Qonunbuzarlarning qilmishi «Oʻzbekiston temiryoʻllari» aksiyadorlik jamiyatiga 101 million soʻmga tushgandi.
Tabiiyki, jinoyatni «issiq izida» ochgani uchun Jizzax viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi Jamoat tartibini saqlash boʻlimi inspektori, katta serjant Sherzod Rustamov rahbariyat tomonidan munosib taqdirlandi.
Anglaganingizdek, lavhamiz qahramoni boshqarmaning eng faol xodimlaridan biri. U 18 yillik xizmat faoliyati davomida oʻndan ortiq faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Shu yilning oktabr oyida Sherzod Rustamovning oilasi hayotida yana bir quvonchli voqea roʻy berdi – u Sharof Rashidov tumanining «Kuyovboshi» mahallasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun qurilgan 6 sotix maydonga ega, 3 xonali zamonaviy turarjoy bilan taʼminlandi. Uy toʻlovining 25 foizi IIV tomonidan qoplangani Rustamovlar oilasining quvonchini ikki barobar oshirdi.
Tabiiyki, yaratilayotgan bu kabi imkoniyat-u imtiyozlar soha vakillarini jinoyatchilikni jilovlash yoʻlida yanada fidoyilik bilan xizmat qilishga undamoqda. Kezi kelganda aytish joizki, katta serjant Sherzod Rustamov va uning patrul-post xizmati tizimida faoliyat yuritayotgan hamkasblari «Oʻzbekiston temiryoʻllari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli tashkilot va korxonalarda, temiryoʻllar, vokzal va bekatlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, qonunbuzarliklarning oldini olishga astoydil intilmoqda.
Bu jarayon nafaqat Jizzax viloyati hududida temiryoʻllar tizimiga aloqador jamoalarda, balki poʻlat izlarga yondosh mahallalarda ham profilaktik tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Toki, temiryoʻllarda baxtsiz hodisalar yuz bermasin, yoʻlovchilar eson-omon, yuklar bus-butun holda manziliga yetib borsin, poyezdlar harakatiga hech narsa moneʼlik qilmasin.
Soha vakillari joriy yil hisobiga 5 ta jinoyatni fosh qilib, 13 ta mayda tashmachilik holatiga barham berdilar. Qolaversa, 9 nafar qidiruvdagi shaxsni qoʻlga olishga, 1 nafar bedarak yoʻqolgan fuqaroni topishga muvaffaq boʻlishdi. Bundan tashqari, 1183 nafar huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar tuzildi, 4 nafar shaxs Reabilitatsiya markaziga, 3 nafar bola esa Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi. Qisqasi, jinoyatchilikni jilovlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
