1946-yil Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tugʻilgan Shavkat Mamadaliyev harbiy xizmatdan keyin oʻrta maktabda oʻqituvchilik qilgan.Toshkent davlat universiteti yuridik fakulʼtetining sirtqi boʻlimida tahsil olish bilan birga, Chirchiq shahrida turli lavozimlarda ishladi.1974-yil yoʻllanma bilan Sirdaryo viloyati IIB tasarrufiga yuborilgan Sh. Mamadaliyev Sirdaryo tumani IIB bosh­ligʻining shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari vazifasida xizmatni boshladi. Yosh xodimga general-mayor Otamurod Muhammadiyev, polkovnik Serikboy Jumatayev kabi ustozlar yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdi. 1974–1976-yillarda tuman IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, 1977–1979-yillarda Mehnatobod tumani IIB boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan Sh. Mamadaliyev ushbu tumanlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sezilarli natijalarga erishdi.Saksoninchi yillarning boshida qariyb ikki yil davomida Moskvada taʼlim olib qaytgan Shavkat Mamadalievni Sirdaryo viloyati IIB shtab boshligʻining oʻrinbosari etib tayinlashadi. Shtabning ishi barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish, hujjatlarni toʻgʻri yuritish kabi vazifalarni oʻz ichiga olardi. Allaqachon muayyan tajribaga ega mayor Sh. Mamadaliyev uchun bu ishlar aslo qiyinchilik tugʻdirmadi. 1989-yilda esa Boyovut tumani IIB boshligʻi lavozimiga tayinlandi. 1994–1997-yillar davomida Sirdaryo viloyati IIB M va FRB boshligʻi vazifasida sidqidildan xizmat qilib, tizimdagi 33 yillik faoliyatidan soʻng hurmat va ehtirom bilan pensiyaga chiqdi. Polkovnik Shavkat Mamadaliyevning oʻnlab shogirdlari bor. Ular orasida polkovnik Tohir Musayev, Sirdaryo tumani IIB JQB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan kapitan Erkin Abdurahmonov, Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining sobiq oʻrinbosari, polkovnik Baxtiyor Jumatayevlarning nomini alohida tilga oladi. Shavkat ota toʻrt nafar farzandni tarbiyalab, uyli-joyli qildi. Oʻgʻli Otabek Shavkatov ota izidan ketdi. Uzoq yillar ichki ishlar tizimida faoliyat koʻrsatib, mayor unvonida pensiyaga chiqdi. 78 yoshni qarshilagan Shavkat ota oʻz umrini osoyishtalik, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashga sarflaganidan faxrlanadi.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.