Xorazm viloyatida “Yangi Oʻzbekistonning shijoatli ayollari!” shiori ostida ichki ishlar organlari xotin-qizlarining V Respublika forumi koʻtarinki ruhda davom etmoqda.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hamda kasbiy faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini keng namoyon etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli farmoyishiga muvofiq 2–4 mart kunlari mazkur forum tashkil etildi.

Forum doirasida tizimda samarali xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy mahoratini mustahkamlash, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, oʻzaro fikr almashish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, qadimiy va betakror Xiva shahridagi Ichan-Qalʼa tarixiy majmuasida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi. Tarixiy muhitda oʻtgan bilimlar bellashuvida respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 18 ta jamoa ishtirok etdi.

Intellektual oʻyin jarayonida ishtirokchilar oʻz bilim va tafakkuri, tezkor fikrlash qobiliyati, jamoaviy hamkorlik koʻnikmalarini namoyon etdilar. Bellashuv sogʻlom raqobat, doʻstona muhit va koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, bunday forumlar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning nafaqat kasbiy, balki maʼnaviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻz muxbirimiz,

Xorazm viloyati.