Toshkent shahar majburiy davolash narkologiya shifoxonasida davolanayotgan xotin-qizlar bilan ochiq va samimiy uchrashuv tashkil etildi. Unda Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z.Maxkamova, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari U.Abdullayeva, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sh.Sultanova, Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari M.Abdullayeva, Toshkent shahar IIBB HPB boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sh.Normatova hamda boshqa tegishli soha masʼullari ishtirok etib, davolanayotgan xotin-qizlar bilan bevosita muloqot olib bordilar.

Uchrashuv Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Muloqot jarayonida xotin-qizlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularning sogʻligini tiklash, psixologik qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish hamda kelgusida turli huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan manzilli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, masʼullar tomonidan har bir xotin-qizning holatini alohida oʻrganib chiqish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir individual chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq topshiriqlar belgilandi.