Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida faxriylar va yoshlar ishtirokida ikki avlod uchrashuvi tashkil etildi.
Maʼlumki, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining 3-bosqich tinglovchilari ayni kunda oʻzlari yashaydigan hududlarda amaliyot jarayoniga kirishmoqda. Mazkur uchrashuvda ichki ishlar idoralarida ishlab, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar amaliyot oldidan tinglovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qildilar.
Faxriylar oʻz tajribalaridan keli chiqib, Vatanga va kasbga sadoqat, halollik, toʻgʻrisoʻzlik, ustozlarga hurmat, ijro intizomi, fuqarolar bilan muomala qilish madaniyati kabi turli yoʻnalishlarda yoshlarga oʻz maslahatlarini berdi.
Tadbir davomida 10 nafar faxriyga Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashining “Ichki ishlar vazirligi faxriysi” koʻkrak nishoni va Faxriy yorliqlar topshirildi.
– Koʻp yillar ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida ishlab, nafaqaga chiqqanman, – deydi isteʼfodagi podpolkovnik Anvarjon Qayumov. – Nafaqaga chiqqan boʻlsamda, viloyat ichki ishlar boshqarmasida tashkil etiladigan tadbirlarga doimo qatnashib turaman. Bugungi yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuv ham juda sermazmun boʻldi. Koʻzidan oʻt chaqnab turgan tinglovchilarga oʻz maslahatlarimizni berdik. Bugun menga ham Faxriylar kengashining koʻkrak nishoni taqdim etildi. Ham yoshlar bilan uchrashuv, ham koʻrsatilgan eʼtibordan boshim osmonga yetdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.