– Biz taraflarda shamol juda kuchli esadi. Ayniqsa, qish kunlari elektr simlarini uzgudek shiddatga minadi. Oʻshanda, esimni tanib qolgan paytim sakkiz yoshli bola edim. Kechasi qattiq shamol esganidan uyqum kelmay, dadamni intiqlik bilan kutib, derazadan tashqariga tikilib yotardim. Tun yarmiga yetib qolsa hamki, dadam kelavermasdi.
Shamol oʻrik novdalarini u yoqdan bu yoqqa yulqilab oʻynar, uvillab qoʻrqinchli tovush chiqarardi. Yonimda esa Sanjar akam yotardi. Bilaman – u ham dadamni sabrsizlik bilan kutardi. Otam uyga kelganida, akam darrov uning bosh kiyimiga ega chiqardi. Men boʻlsam pogonlarini tomosha qilishni yaxshi koʻrardim. Ulardagi yaltirab turadigan yulduzchalarni tilladan boʻlsa kerak deb, oʻylardim..., – deya bolalik yillarini xotirlaydi Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant Sirojiddin Dadaboyev.
Uning otasi Sarvar Gʻafurovni umuman, Gʻafurovlar sulolasini Xovos, Boyovut tumanlari, Shirin shahrida yaxshi bilishadi. Boisi, ushbu sulola vakillari mahalliy davlat boshqaruvi organlarida masʼul lavozimlarda elga xizmat qilishgan. Sarvar Gʻofurov Qurolli Kuchlar safida yigitlik burchini oʻtab qaytgach, dastlab Boyovut tumani IIB Qoʻriqlash boʻlimida ishladi. Keyinroq «1-Boyovut» mahallasida uchastka noziri sifatida faoliyat koʻrsatdi.
Oradan hech qancha oʻtmay oʻzining intiluvchanligi, sergʻayratligi bilan rahbariyatning eʼtiborini tortgan yosh xodim tuman IIB JQB katta tezkor vakili etib tayinlandi.
Mustaqillikning dastlabki yillari iqtisodiy qiyinchiliklar boʻy koʻrsatgan, jinoyatchilik avj olgan, qonuniylikni taʼminlash qiyin boʻlgan murakkab davr edi. Jamoat joylarida uyushgan jinoiy guruhlar vakillarining beboshliklari uchrab turardi.
Bir kuni uyushgan jinoiy guruh aʼzolari bir necha uylarda, kafe va restoranlarda talonchilik jinoyati sodir etgani toʻgʻrisida tezkor maʼlumotlar kelib tushdi. Ichki ishlar organlari xodimlari ularning izidan tushishdi. Lekin jinoyatchilar ham anoyilardan emasdi, tutqich bermasdi. Va nihoyat, mazkur jinoiy toʻda Boyovutning katta savdo markazlaridan birini talon-toroj qilishni rejalashtirayotgani toʻgʻrisida tezkor xabar olindi. Kapitan Sarvar Gʻafurov boshchiligidagi JQBning tezkor vakillari ularni pistirmada poylab turishdi. Talonchilar toʻdasi yarim kechadan oʻtganda universal doʻkonning orqa eshigini buzib, ichkariga kirib ketishdi. Oradan 15 daqiqalar oʻtib, allaqancha narsalarni olib chiqib, mashinaga orta boshlashdi. Lekin yuk mashinasi joyidan siljishga ulgurmadi. Tezkor xodimlar tezkorlik bilan jinoiy toʻdani qoʻlga oldi.
Keyinchalik Sarvar Gʻafurov Boyovut tumani IIB boshligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari, shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha muovini lavozimlarida xizmat qilib, 2018-yilda podpolkovnik unvonida izzat-ikrom bilan pensiyaga chiqdi. «Ot izini toy bosar» deganlaridek, hozirda ikki oʻgʻli ota ishini davom ettirishmoqda.
Sirojiddin Dadaboyev Boyovutdagi sanoat-qurilish kollejini tugatgach, armiya safiga chaqirildi. Muddatli harbiy xizmatni Havo-desant qoʻshinlarida oʻtadi. Soʻng Guliston davlat universitetiga oʻqishga kirdi. 2021-yili oliy taʼlim muassasasini tugallagach, ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilindi.
Hozirda profilaktika inspektori sifatida faoliyat koʻrsatayotgan Muqimiy nomidagi mahalla hududida 4500 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborlisi, 2023-yilda mahalla «yashil» toifali hududga oʻtkazildi. Bunga «mahalla yettiligi»ning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli erishildi, albatta.
«Xonadonbay» ishlash tizimi joriy qilingach, aholining muammolari bartaraf etila boshlandi. Natija oʻzini koʻp kuttirmadi. Odamlarning dunyoqarashi oʻzgardi. Mahallada kichik biznes rivoj topdi. Bir necha sotixli issiqxonalarda rezavor, sabzovotlar yetishtirgan ayrim xonadonlarning topish-tutishiga baraka kirdi. Ularga havas qilganlar ham harakatga tushib qoldi.
Bu ishlarga profilaktika inspektori ham oʻz hissasini qoʻshdi. U 16 ta jinoyatga moyil, nizoli oilaga kredit ajratilishiga koʻmaklashdi. Ular bu pullarga chorva mollari, ish qurollari, issiqxonalar xarid qilishdi. Natijada ish bilan taʼminlanishdi. Qarabsizki, muammolari kamaya boshladi. Bandlik taʼminlangan, muammolar hal etilgan joyda esa jinoyatchilik ham kamayishi tabiiy.
Profilaktika inspektorining yelkasidan juda katta masʼuliyat bosib turadi. U hududdagi jamoat tartibi saqlanishi, aholi xavfsizligi uchun masʼul. Sirojiddin buni yaxshi tushunadi. Lekin jamoat tartibini buzadiganlar uchrab turadi. Ularni bir necha guruhga boʻlish mumkin. Birinchisi—spirtli ichimlikka mukkasidan ketganlar. Ikkinchisi—yosh-yalang, zavq-shavqqa toʻla yigitlar. Uchinchisi—betayin turmush tarziga odatlangan, oilasiga ham, jamiyatga ham befarq insonlar. Sirojiddin mana shunday toifadagi barcha shaxslarni profilaktik hisobga olib yuradi. Ayniqsa, endigina katta hayotga kirib kelayotgan yoshlar uning diqqat-eʼtiborida. Boisi, ayni hamma narsaga qiziqadigan yoshda ular xato yoʻlga kirib ketishi hech gapmas. Buning oldini olish uchun doim yoshlar orasida boʻlishga harakat qiladi. Hududdagi ikkita umumtaʼlim maktabiga tez-tez borib turadi. Turli mavzularda davra suhbatlari uyushtiradi. Shuning uchun yoshlar uni yaxshi tanib qolishgan. Inspektor sifatida unga hurmat bilan munosabatda boʻlishganidan faxrlanadi.
Katta serjant Sanjar Dadaboyev esa, mana, bir necha yillardan beri Sirdaryo viloyati IIB YHXB Maʼmuriy amaliyot boʻlimida katta inspektor sifatida faoliyat koʻrsatadi. IIV Akademiyasining Serjantlar tayyorlash oliy kursini tugatgan. Hozirda Guliston davlat universitetining 4-kursida sirtdan tahsil olyapti. Uni hamksblari oʻz ishiga masʼuliyatli boʻlgani uchun hurmat qilishadi.
Ayniqsa, jamoat tadbirlari oʻtkazilayotganda avtomobillar harakatini tartibga solishda doim jonkuyar. Shu boisdan Navroʻz, Mustaqillik bayramlarida uni eng masʼuliyatli uchastkaga tayinlashadi. Mana shunday paytlarda yoʻllarda tirbandlik paydo boʻlmasligi, YTHlarning oldi olinishiga katta eʼtibor qaratadi. Xushmuomalaligi sababli haydovchilarning ham hurmatiga sazovor boʻlgan. Xizmat vazifasini oʻtar ekan, doim otasining oʻgitlarini yodida tutadi.
Isteʼfodagi podpolkovnik Sarvar Gʻafurov har ikkala oʻgʻlidan mamnun. Ularni har doim «Mening qoʻsh qanotim» deb alqaydi.
Abdurahmon
MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
