Sharof Rashidov tumani IIB 2-sonli IIB HPG profilaktika inspektori, mayor Vali Azizov 14 yillik xizmat tajribasiga ega. Bu yillarda u koʻplab xodimlarga murabbiylik qildi. Ayni vaqtda «Jizzaxlik» mahallasining profilaktika inspektori, leytenant Doston Eshqulovga ham kasb sir-asrorlarini oʻrgatyapti.
Doston yaxshi eslaydi, mayorning ilk sabogʻi xizmatda hamisha xushmuomala boʻlish kerakligi toʻgʻrisida boʻlgan. Shu bilan birga, suhbatdosh psixologiyasiga mos yondashish, xizmatga oid maʼlumotlarni sir tutish, ariza va murojaatlar bilan ishlashga doir tavsiyalarini bildirgan.
Tabiiyki, mayor Vali Azizovning oʻzi ham bir kunda murabbiy darajasiga yetmagan. Chunonchi, 2010 yilda Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlab, Mirzachoʻl tumani IIB huzuridagi qoʻriqlash xizmati tarkibida sohadagi faoliyatini boshladi. Oradan 4 yil oʻtgach, Forish tumanining 93,5 ming gektar maydonni egallagan «Qizilqum» mahallasi profilaktika inspektori lavozimiga tayinlangan lavhamiz qahramoni oʻshandan buyon huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida.
Taʼkidlash joiz, u aynan «Qizilqum»da jinoyatchilikni jilovlashning hadisini oldi. Binobarin, choʻlda yoʻl topish, bir-biridan olisda joylashgan aholi manzillarida jamoat xavfsizligini taʼminlash, tirikchiligining asosi chorvachilik boʻlgan aholini qonunbuzarlardan himoyalash sirlarini oʻzlashtirdi. Jumladan, bir safar 148 bosh mayda shoxli molning oʻgʻirlanishi bilan bogʻliq jinoyatni fosh qilsa, boshqa safar 3 ta oʻgʻirlik qoʻy ortilgan «Lacetti»ni xizmat avtomashinasida quvib, toʻxtatishiga toʻgʻri keldi.
Ayni vaqtda mayor Vali Azizov Sharof Rashidov tumanining 6 ming 341 kishi istiqomat qiladigan «Sovungarlik» mahallasida osoyishtalikka masʼul. Bu jarayonda asosiy eʼtibori ichki ishlar organlari hisobida turadigan 14 nafar, maʼmuriy nazorat ostidagi 1 nafar, muqaddam sudlangan 19 nafar, jazoni ochiqda oʻtayotgan 11 nafar, ichkilikka ruju qoʻygan 4 nafar shaxs hamda 3 ta nizoli oilaning aʼzolariga qaratilgan.
Joriy yilning oʻtgan davrida u 20 kishini ishga joylashtirdi. Shu kabi profilaktik tadbirlar mahallaning «yashil» maqomini mahkam tutishiga omil boʻlayotir.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
