Xorazm viloyati IIBda shaxsiy tarkib oʻrtasida qonunbuzarlik holatlari hamda korrupsiyaning oldini olishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda boshqarma shaxsiy tarkibi hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda IIV MMI va KBTD masʼul xodimi, podpolkovnik Q.Shokirov ishtirok etib, ichki ishlar organlari xodimlari orasida korrupsiya, taʼmagirlik kabi jirkanch illatlarning oldini olish maqsadida olib borilayotgan targʻibot tadbirlari, tushuntirish ishlari oʻzining ijobiy samarasini berayotganini aniq misollarda taʼkidlab oʻtdi.

– Korrupsiyaga qarshi kurashish hali-hamon dolzarbligicha qolmoqda, –deydi safdor Siyovush Qalandarov. – Koʻplarning ongida “Pul bermasa ish bitmaydi”, degan qarash saqlanib qolgan. Fuqarolar mansabdor shaxslarga pora berishdan oldin oʻzining bu xatti-harakati jinoyat ekanini anglab yetishi kerak. Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi kurshishda barchamiz birdek harakat qilmogʻimiz lozim.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jamoatchilik nazorati muhim oʻrin tutishi, bu jarayonda hamma yanada faol ishtirok etishi zarurligini bildirishdi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi” doirasidagi bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida boʻlib oʻtmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.