U 1949-yil 30-martda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy shahrida maorif fidoyilari — Rahmonberdi Karimov hamda Rahima Alimovalar oilasida tugʻilgan. Ziyoli oilada oʻsgan, bolaligidan ilmga chanqoq boʻlgan qahramonimiz Toshkent shahridagi 42-sonli oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq, oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygandi.
Taʼlim dargohini kumush medal bilan tugatgach, Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlaydi. Moskva davlat universitetining Dubna shahridagi yadro fizikasi fakultetida diplomoldi amaliyotini oʻtarkan, uning koʻnglida yangi maqsadlar paydo boʻladi. 1971–1974-yillarda OʻzFA Yadro fizikasi instituti aspiranti boʻlgan lavhamiz qahramoni 1975–1980-yillarda Yekaterinburg shahridagi Ural universitetining falsafa fakultetida sirtdan oʻqigan.
Mehnat faoliyatini OʻzFA Yadro fizikasi instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshlagan Baxtiyor Karimov ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishladi. 1994–1996-yillarda OʻzFA Ilmiy oʻquv markazining direktor oʻrinbosari lavozimida ishlagan
B. Karimov 1996–2001-yillarda IIV Akademiyasining falsafa kafedrasi mudiri, ilmiy-tadqiqot boʻlimi boshligʻi, Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritdi. Ibratli ishlari hamda izlanishdan toʻxtamasligi bilan koʻpchilikka namuna boʻla olgan taniqli olim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi ham boʻlgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasidagi masʼuliyatli vazifalarda unga ishonch bildirilgan.
B. Karimov hamon ilm olishdan toʻxtamaydi. U 2020-yilda Oʻzbekiston milliy universitetining xorijiy filologiya fakultetini muvaffaqiyatli tugatgan. 2022-yilda Moskva xalqaro akademiyasi tilshunoslik va pedagogika fakulteti magistraturasini bitirib, 2023-yilda Moskvadagi Sinergiya universitetiga «Sunʼiy intellekt» ixtisosligi boʻyicha oʻqishga kirdi. Ushbu misollarning oʻziyoq biz hikoya qilayotgan insonning qanchalar ilmga oshnoligini koʻrsatadi.
«Dadajonimiz juda talabchan. Yosh avlodga har tomonlama namuna qilib koʻrsatsak arziydi. Qoʻllaridan haligacha kitob tushmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, oilaparvar, mehribon inson va haqiqiy ilm fidoyisi. Bizni, nevaralarini ziyo olishdan toʻxtamaslikka muntazam chorlab keladi!» – deydi bir necha yil ichki ishlar organlarida erkin yollangan xodim sifatida ishlagan kelini Shahnoza Karimova.
B.Karimov jamiyatimizga koʻplab malakali shogirdlar yetkazib berdi. Farzandlari ham otasiga munosib boʻlish niyatida faqat oldinga intilgan.
U turmush oʻrtogʻi Muxtabar aya bilan toʻrt oʻgʻil, bir qizni voyaga yetkazgan. Uchinchi oʻgʻli Oybek Karimov ichki ishlar organlarida xizmat qilib, Uchtepa tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari lavozimidan podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqqan. Hozirda tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Qizi Umidaxon ilmiy ishlar bilan mashgʻul boʻlsa, qolgan farzandlari tadbirkorlik yoʻnalishidan ketishgan.
Oʻn yetti nevara, ikki nafar evaraning bobojonisi, moʻtabar 75 yoshni qarshilash arafasida turgan taniqli oʻzbek olimi Baxtiyor Karimov hozirda OʻzFA Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Ha, ilmning fazilati buyuk boʻlib, inson hayotida juda ahamiyatlidir. «Ilm insonni ulugʻlaydi!» degan naql bejiz aytilmaganligiga Baxtiyor Karimov singari yetuk olimlarimizning ibratli hayoti dalil boʻlsa, ajab emas.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
