Urganch shahrida viloyat IIB MMI va KBTX tashabbusi bilan ilmiy-ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar hamda ilm-fan sohasiga munosib hissa qoʻshgan olima ayollar ishtirok etdi.

Uchrashuvni viloyat IIB MMI va KBTX boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bogʻibekova ochib, mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi rivojlanishida xotin-qizlarning oʻrni alohida muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Tadbirda tarix fanlari nomzodi, dotsent Shoira Nurullayeva, psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Muhayyo Jumaniyozova, psixolog Svetlana Kunishevalar soʻzga chiqib, ilm-fan sohasida ijobiy yutuqlarga erishib, nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo hamjamiyatida alohida eʼtirof etilayotgan fidoyi ayollarimizni faxr bilan tilga olib oʻtishdi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda ilmiy ishlar bilan shugʻullanish istagida boʻlgan xodimalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.