Oʻrganishlar natijasida suvga choʻkkanlarning 2/3 qismi (60 foizdan koʻprogʻi) spirtli ichimlik ichgan kishilar boʻlishi aniqlandi. 

Yaqinda suvga choʻkayotgan fuqaro qutqarilganda, u spirtli ichimlik taʼsirida shu ishga qoʻl urgani aniqlandi. Voqea poytaxtimizning Uchtepa tumanida sodir boʻldi. Tuman IIOFMB Navbatchilik qismiga soat tungi taxminan 03:50 lar atrofida Uchtepa tumani hokimiyati postida xizmat olib borayotgan tuman Qoʻriqlash boʻlimi safdor xodimi S.Joʻraxonov nomaʼlum fuqaro «Boʻzsuv» kanaliga oʻzini tashlaganligi yuzasidan xabar beradi. Voqea joyiga zudlik bilan Qoʻriqlash otryadi, IIOFMB tergov-tezkor guruhi xodimlari yetib boradi. 

– Bir fuqaro choʻkayotgan odamni qutqarishga urinayotganini, ammo kuchi yetmayotganini koʻrib men ham darhol oʻzimni suvga otdim, – deydi Qoʻriqlash boʻlimi Xizmatni tashkil etish guruhi katta inspektori, 

kapitan Sarvarbek Meliqoʻziyev. – Fuqaro tinmay «Oʻlishni istamayman, iltimos, qutqa­ring!» deb baqirardi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, suvda choʻkayotgan odamni qutqarish uchun qutqaruv anjomlari va qa­yiqlardan foydalaniladi. Ular boʻlmaganda esa qutqaruvchi xavfsizlik choralarini bilish talab etiladi. Agar choʻkayotgan odam hushini yoʻqotgan boʻlsa, uni suvdan olib chiqish ancha qulay. Lekin hushini yoʻqotmagan boʻlsa, sarosima va vahimaga tushgan holda qutqaruv­chiga qattiq yopishishi, uni ham suv ostiga tortib ketishi mumkin. Qahramonimiz bu borada barcha jismoniy mahoratini ishga soldi va qisqa fursat ichida choʻkayotgan fuqaroni qutqarib qolishga muvaffaq boʻldi. 

Bilamizki, oʻlim holati faqatgina suvda emas, balki jabrlanuvchi suvdan olib chiqilgandan soʻng ham kuzatilishi mumkin. Jonlantirish tadbirlarining ijobiy natijasi ularning toʻgʻri va oʻz vaq­tida koʻrsatilishiga bogʻliq. Shu bois Tez tibbiy yordam xodimlari fuqaroga birinchi yordam koʻrsatib, uni Res­publika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi.

– Olib borilgan surishtiruv­lar natijasida oʻzini suvga tashlagan fuqaro shu tumanning «Beshqayragʻoch» mahallasida istiqomat qiluvchi S.Valijonov ekanligi maʼlum boʻldi, – deydi Uchtepa tumani IIOFMB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Sharapat Kudiyarov. – Uning umr yoʻldoshi bilan suhbatlashganimizda, oilada hech qanday ziddiyat yuzaga kelmaganini aytdi. Soʻnggi paytlarda S.Valijonov spirtli ichimlik isteʼmol qilayotgani va mastlik natijasida oʻzini nazorat qilolmayotganini bayon qilib, bu holat ham ichkilik taʼsirida boʻlganini bildirdi. Turmush oʻrtogʻini qutqarib qolganlarga alohida minnatdorlik bildirdi. 

Darhaqiqat, ichkilikbozlik, spirtli ichimliklarga tobelik insonning tanasini gʻarib, ruhini xasta qiladi. Yuqoridagi holatdan har kim oʻzi uchun toʻgʻri xulosa chiqarib olsa, ajabmas...

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz. 

Toshkent shahri.