— Ingliz tilini men shunchaki fan sifatida emas, balki imkoniyatlar kaliti sifatida qabul qilaman,— deydi u. — Bugun dunyoda ilm-fan, texnologiya va xalqaro hamkorlikning asosiy kaliti aynan ingliz tili. Shu bois yoshlarga mazkur imkoniyatni ochib berish mening asosiy vazifam deb hisoblayman.

IIV tizimidagi akademik litseyda ishlash oddiy maktabda dars berishdan birmuncha farq qiladi. Ushbu dargohda tahsil olayotgan oʻquvchilarning aksariyati kelajakda huquq-tartibot sohasida faoliyat yuritishadi. Shu bois ularning bilimini, ayniqsa chet tili boʻyicha oʻz imkoniyatlarini kengaytirish juda muhim. Zarina Nuraliyeva ana shu talabni chuqur anglab, darslarni xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etadi.

— Litseyga kelganimdanoq oʻquvchilarni xorijiy til sertifikatiga tayyorlashni yoʻlga qoʻydim, — deydi lavhamiz qahramoni. — Kuzatuvlar shuni koʻrsatdiki, koʻpchilikda bilim bor, lekin aniq maqsad yoʻq. CEFR standartlari asosida tayyorgarlik oʻquvchilarni tizimli ishlashga, mustaqillikka va eng muhimi, oʻzlariga ishongan holda harakat qilishga oʻrgatadi. Natija koʻp kuttirmadi: qisqa vaqt ichida 11 nafar oʻquvchi V2 darajadagi sertifikatga ega boʻldi. 

Litseyda maxsus lingafon xonasi mavjud boʻlib, Zarina Nuraliyeva oʻquvchilar bilan ishlashda undan keng foydalanadi. Chunki bunda tilga oid texnikalarni amaliyotda qoʻllash imkoniyati mavjud. Zarina mashhur shaxslarning nutqlarini oʻquvchilarga eshittirib, ularga taqlid qilish orqali ingliz tilida erkin gapirish va nutq texnikasini shakllantirishga harakat qiladi. Bu uslub nafaqat leksika va grammatikani oʻrgatadi, balki oʻquvchilarda nutqga ishonch tuygʻusi va talaffuz madaniyatini ham rivojlantiradi.

Oʻqituvchining shaxsiy tajribasi ham muhim sanaladi. Zarina Nuraliyeva IELTS 7,5 darajaga ega. Oʻquvchilar uchun esa uning natijasi namuna vazifasini oʻtaydi — ular oʻqituvchidan oʻrnak olgani holda oʻzlari ham harakat qiladi. Qolaversa, uning 10 ga yaqin ilmiy maqolasi, 4 ta oʻquv qoʻllanmasi ham nashr etilgan. Lavhamiz qahramoni kelgusida koʻproq oʻquvchilarni IELTS va CEFR kabi xalqaro sertifikatlar boʻyicha tayyorlashni rejalashtirgan. Shu bilan birga, oʻz ustida ishlashni toʻxtatmasdan, malakasini doimiy oshirishni maqsad qilgan.

Taʼlimda eng muhim omil — bu ishonch. Oʻquvchi oʻziga ishonsa, oʻqituvchida ham bunga ragʻbat boʻlsa, natija albatta boʻladi. Zarina Nuraliyeva ana shu qoida asosida ish tutadi. Uning misolida koʻrinib turibdiki, aniq maqsad, tizimli mehnat va zamonaviy usullar oʻz natijasini beradi. 

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.