Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, Nukus shahridagi ovqatlanish joylari­dan biriga kirgan fuqaro O.R. zarur ehtiyoj tufayli qisqa vaqtga tashqariga chiqadi. Qaytib kelganida esa stolda hujjatlari bilan birga qoldirgan «Samsung A-52» rusumli uyali telefoni yoʻqligini koʻrib boshidan hushi uchdi. 

Holat yuzasidan Ichki ishlar boʻlimiga kelib tushgan murojaat boʻyicha voqea joyiga yetib borgan guruh tarkibida kinologiya boʻlinmasi kichik inspektor-kinologi, safdor S.Sarsenbayev ham bor edi. Guvohlar topilavermagach, u oʻziga biriktirilgan «Graf» laqabli xizmat iti bilan jinoyat joyidan qidiruvni boshladi. Natijasida ushbu oʻgʻirlikni Nukus shahrida yashovchi Ye.M sodir qilgani aniqlandi.

Shuningdek, Nukus tumani «Baqanshakli» OFYda yashovchi fuqaro A.A. Ichki ishlar boʻlimiga qilgan murojaatida kechasi uyidan velosipedini kimdir oʻgʻirlab ketganini maʼlum qildi. Voqea joyiga katta serjant J.Habibullayev oʻziga biriktirilgan «Daroz» laqabli xizmat iti bilan chiqib, oʻgʻrilikni sodir etgan shaxsni topishga muvaffaq boʻldi. Aniqlanishicha, shu tumanda yashovchi K.A. mast holda jinoyatga qoʻl urgan ekan.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasi xodimlari hududlarda sodir boʻlgan jinoyatlarni qisqa vaqtlarda fosh etishga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar. Xususan, oʻtgan yili 416 marta jinoyat joylariga chiqilib, 281 ta jinoyat xizmat itlari ishtirokida ochilishiga erishildi. 

Shuningdek, kinolog xodimlar tomonidan jamoat tartibini saqlash, xuquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida 1062 marta koʻcha va jamoat joylarida, 184 marta bozorlarda piyoda patrullik naryadlari tashkillashtirilgan boʻlsa, 350 marta ommaviy tadbirlarda xizmat olib borilgan. 

Hamkasblarimiz mamlakat miqyosida oʻtkazilayotgan koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etib kelishmoqda. Jumladan, 2023-yilning 23–25-noyabr kunlari Buxoro viloyatida oʻtkazilgan «Aʼlochi kinolog» koʻrik-tanlovida kinologiya boʻlinmasi kichik inspektor-kinologi, safdor Aydos Abdireymov sport toʻsinida tortilish mashqida faxrli uchinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, barcha shartlar boʻyicha umumiy koʻrsatkichlar jamlanganda jamoamiz ikkinchi oʻrinni qayd etib, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. 

Sharapat UTEPOV, 

katta serjant.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.