Yoshlar – kelajak bunyodkori
Shovot tumani IIB Probatsiya guruhi katta inspektori, katta leytenant Ergashboy Ortiqov jinoiy-huquqiy sohadagi qonunchilik ijrosini taʼminlash, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud hukm va ajrimlarining ijrosini taʼminlash borasida bir qator samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
– Hozirda tuman IIB Probatsiya guruhida 128 nafar mahkum hisobda turadi, – deydi qahramonimiz. – Ulardan 37 nafari axloq tuzatish ishlariga, 16 nafari ozodlikni cheklash jazosiga, 1 nafari esa majburiy jamoat ishlariga hukm qilingan. Shuningdek, 2 nafari shartli hukm qilingan, 25 nafari muayyan huquqdan mahrum etilgan va 47 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan. Hisobda turgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktik tadbirlar olib borilgani bois 39 nafar mahkum jazo oʻtash davrida oʻzining ijobiy tomonlarini koʻrsatib, tuzalish yoʻliga kirdi va belgilangan jazodan muddatidan oldin ozod etildi. Sudlar tomonidan belgilangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab yurgan 9 nafar mahkumning jazosi esa ozodlikdan mahrum qilish jazo turiga almashtirildi.
Guruh hisobida turgan shovotlik N.K. sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab, yashash manzilini tark etganligi aniqlandi. Ushbu maʼlumotlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar asosida unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi. Katta leytenant Ergashboy Ortiqov mahkumning qaysi manzilda yashayotganini aniqlash uchun kunu tun surishtiruvlar, izlanishlar olib bordi. Ana shunday kunlarning birida N.K. tuman hududida koʻrinish berib qoldi. Bundan xabar topgan Ergashboy Ortiqov boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari bilan hamkorlikda uni darhol qoʻlga olishdi.
– Ergashboy yosh boʻlsa-da, zimmasidagi vazifaga masʼuliyat bilan yondashadi, – deydi viloyat IIB Probatsiya boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Hamid Kazakov. Hushyorligi, sinchkovligi, ishchanligi, bois xizmat samaradorligiga erishib kelyapti. Uning fidoyiligidan, kasbiga sadoqatidan yosh xodimlar ibrat olsa arziydi.
Lavhamiz qahramoni oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlarda probatsiya nazorati ostida turgan mahkumlarning muammolarini aniqlash, hal etish, ularning bandligini taʼminlash, takroran jinoyat sodir etilishga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
«Postda» muxbiri.
Xorazm viloyati.
Suratda: Shovot tumani IIB Probatsiya guruhi katta inspektori, katta leytenant Ergashboy Ortiqov.
