… Nisora (ismlar oʻzgartirildi) hozir 17 yoshda. Oilada toʻngʻich farzand. Bundan 7 yil avval otasining ishlari yurishmagani uchun bolalarni amakisiga tashlab, onasi bilan birga xorijga ishlagani ketdi. Amakisi va yangasi, tabiiyki, ota-onaning oʻrnini bosolmadi. Toʻgʻri, xorijdan joʻnatilgan pullar bolalarning moddiy ehtiyojiga bemalol yetardi. 

Oʻsha pullar evaziga bu oilaning farovon yashashi uchun hamma narsa qilindi. Nisora bilan suhbatimiz davomida biror marta ham iqtisodiy jihatdan zoriqqani haqida gapirmadi. Faqat ota-­onasini sogʻinganini, onasidan boshqa hech kimga aytolmaydigan sirlari borligini, tengdoshlari kabi oʻqishni, sevimli mashgʻuloti bilan shugʻullanishni istashini aytdi. 

Bir qarashda uning bolaligi ukalarining kirini yuvib, ovqatini pishirib, tarbiyasi bilan shugʻullanib oʻtganini payqash qiyin emasdi. Nisora 10 yoshidan roʻzgʻor yumushlarini nozik yelkasiga oldi. Bolaligini ukalari uchun qurbon qildi. Maktabda aʼlochilardan emasdi. Toʻgʻri-da, buncha tashvish bilan qanday yaxshi oʻqisin, shoʻrlik. Onasi telefonda oxirgi suhbatida yana ozroq pul toʻplab, soʻng uyga qaytishini aytdi.

 Yillar oʻtadi. Pul topiladi, yangi uy quriladi, mashina, televizor qimmatbaho telefon sotib olinadi. Ammo Nisoraning bilim olishga talpingan oʻsha bolalik yillarini, ota-onasi bagʻrida his etishi kerak boʻlgan xotirjamligini qanday qaytarib boʻladi? Qiz ruhan ezilgan, jismonan zoʻriqqan. 

Qizning bu kabi tushkun holatini telefon orqali gaplashganida onasi sezgandir. Yoki payqamadimikan? Ona qalbi bilan nahot qizining ichki kechinmalarini his etmasa?! Nahotki, uning uchun moddiyat bolalarning shodligidan, baxtidan muhimroq boʻlsa?.. Qizning koʻzidagi sogʻinchga, qalbidagi jarohatga kim davo topadi?.. 

Nisora men taqdiri, qalb iztiroblari haqida hikoya qilib bermoqchi boʻlgan bolalardan biri, xolos. Yana qanchadan-qancha bolalar hayotining begʻubor faslini shu holatda oʻtkazishyapti. Balki, ularga ozgina eʼtibor, mehr berilsa. oʻzlarini baxtli his etishar, kelajakda buyuk insonlar boʻlib yetishar. Vaqtida koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilar sonini kamaytiradi.

Oilasidan xabar olgani kelgan xorijda ishlayotgan baʼzi tanish­larim: «Bola-chaqani deb musofirchilikda yuribmiz-da», – deyishadi. Toʻgʻri, iqtisodiy tomondan yaxshi taʼminlangan oilada bolalarning chuqur bilim olishi, oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratiladi. Ammo toʻkis mehr koʻrmagan bolalardan kelajakda katta natijalar kutib boʻlmasligi ham haqiqat. Yetar-etmas yashab, ota-onasining mashaqqatli mehnatini koʻrib, ularning bir ogʻiz soʻzidan kuch va dalda olib, «katta odam» boʻlgan bolalar kammi?! 

YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, chetda ishlayotgan ota-onalarning farzandlari orasida depressiya, oʻzini yolgʻiz his qilish, hayotga motivasiya yoʻqolishi kabi holatlar tez-tez uchrar ekan. Baʼzi bolalarda oʻqishga qiziqish pasayishi kuzatiladi, ularning feʼl-atvorida tajovuzkorlik, jinoiy xatti-harakatga moyillik rivojlanadi. Ushbu toifadagi bolalarning 44 foizi mehr va eʼtibor yetishmasligidan ranjishini bildirgan.

 «Xorijda ishlamasang, yaxshigina daromad topa olmaysan» degan aqidani ongu shuurimizga singdirishimiz mutlaqo notoʻgʻri. Chunki oʻz kasbining ustalariga, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallaganlarga yurtimizda ham yaxshigina haq toʻlanadi. Qolaversa, pul topishni milliy, oilaviy qadriyatlarimizdan ustun qoʻyish maʼnaviy oqsoqlikni keltirib chiqaradi. 

Kelajagimiz bunyodkori, ertangi umidimiz, qariganimizda belimizga quvvat boʻladigan, yuzimizni yorugʻ qiladigan, shaʼnimizni himoya qiladigan bolalarimizga koʻproq mehr koʻrsataylik. Zero, mehr-oqibatdan, muhabbat va ishonchdan bunyod boʻlgan oilada doim baxt, shodlik hukm suradi. 

Mahliyo XOLOVA.

Navoiy viloyati.