Ichki ishlar vazirligining hududlarda kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida kompleks oʻrganish hamda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan yangi tizim joriy etish boʻyicha ishchi guruhi Samarqandda ish boshladi. Bu haqida Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar qiladi.  

Qayd etilishicha, shu munosabat bilan kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan Urgut tumanida yigʻilish oʻtkazilgan. Unda jinoyatlar salmogʻi boʻyicha toifalarga ajratilgan barcha mahallalar, jinoyatlarni hisobga olish, tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish va qonuniy hal etilishi, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlari, yoʻl-transport infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalar tahlil etildi.

Endilikda, ichki ishlar organlarining moddiy-texnika taʼminoti, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi, huquqbuzarliklarning oldini olish yoʻnalishida hokimiyat, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining ishtiroki hamda mazkur hamkorlik sohasidagi muammoli masalalarni hal etishga qaratilgan takliflar tayyorlanadi. Probatsiya xizmati hisobida turgan shaxslar bilan ishlash, yirik bozorlar, savdo markazlari hamda aholi gavjum joylarda sodir etilayotgan jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarliklar, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha yoʻl xaritalari ishlab chiqiladi. 

Shuningdek, ishsiz, daromadsiz, ehtiyojmand hamda yordamga muxtoj shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar, hududda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi, ichki va tashqi migratsiya va boshqa qator muammoli masalalar atroflicha oʻrganilishiga kelishib olindi.

Tadbirlar davom etmoqda.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, 

«Postda» muxbiri.

Samarqand viloyati.