Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasini biz ham katta qiziqish bilan kuzatdik. Prezidentimiz oʻz chiqishida Oʻzbekistonda poytaxt bilan bir qatorda, boshqa yirik shaharlar ham «oʻsish nuqtalari»ga aylanayotganini, ular safida Namangan shahri ham borligini, bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini, uning tadbirkorlik borasida mamlakatimiz miqyosida peshqadam ekanini alohida eʼtirof etdi.

Yana bir eʼtiborli jihati, sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida oʻz oʻrnini topayotgan Namangan shahrini alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazish taklif qilindi.

Prezidentimizning maʼmuriy islohotlar doirasidagi muhim tashabbusi gullar shahrining chinakamiga «megapolis» hudud sifatidagi maqomini belgilaydi. Bu, oʻz navbatida, yurtimizga, xususan, Namangan shahriga investorlar oqimini kengaytirish, uni xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlarga ega boʻlgan maskanga aylantirishga turtki beradi. Yosh tadbirkor sifatida bunday yuksak eʼtibordan koʻplar qatori, men ham ruhlandim.

2020 yilda «Asmus Gold Megatekstil» MCHJ tashkil etgandim. Bunda Uychi tumani 3-sektori rahbari, IIB boshligʻi, podpolkovnik Furqat Mirzayev yaqindan koʻmaklashdi. «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da roʻyxatda turganlar bandligini taʼminlab, 150 ta ish oʻrni yaratildi. Tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqara boshladik. Shundan soʻng faoliyatimizni yanada kengaytirib, 2021 yilda «As Mus Tanho» ishlab chiqarish kooperativini tashkil qildik. Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi tadbirkorlar bilan shartnoma tuzib, mahsulotlarimiz eksportini yoʻlga qoʻydik. Tikuvchilik yoʻnalishida oʻquv markazi tashkil etib, ehtiyojmand ayollarning 40 nafariga hunar oʻrgatdik. 

Murojaatnomani hayajon bilan tinglar ekanman, biz kabi tadbirkorlarga katta imkoniyatlar eshigi ochilayotganidan, sogʻlom raqobat asosida shart-sharoitlar koʻlami kengayishidan quvondim.

Hozir Namangan muhandislik-texnologiya institutining 3-bosqich talabasiman. Mehnatlarim eʼtirof etilayotgani, yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotganim meni doimo olgʻa intilishga undaydi. 

Tadbirkorning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari ezgu boʻlsa, albatta, natijasi boʻladi. Davlatimiz rahbarining biz – tadbirkorlarga koʻrsatayotgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi yurtimizni iqtisodiy jihatdan yuksaltirishga hissa qoʻshishi shak-shubhasiz. 

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA 

yozib oldi. 

Namangan viloyati.