Denov tumanidagi Ibn Sino mahallasida yashovchi R.Qosimov tadbirkorlik qiladi. U oʻziga tegishli “Kaptiva” rusumli avtomashinasini sotish niyati borligi sabab Shoʻrchi tumani Joyilma mahallasida yashovchi Jamshid Asanov unga xaridor boʻlib keladi. Oʻzaro kelishilgan holda mashina 150 million soʻmga narxlanadi va J.Asanov unga 15 million soʻm berib, qolgan pulni bir oy ichida berishini aytib ishontiradi. 

Oradan 15 kuncha vaqt oʻtib, J.Asanov mashinani boshqa kishiga 135 million soʻmga sotib yuboradi. Ammo R.Komilovga bu haqda indamay qoʻya qoladi. Uning qolgan pullarini berishni esa “unutadi”. 

Tadbirkor rejalari barbod boʻlib, ham mashinasidan, ham pulidan darak boʻlmagach, tuman IIBga murojaat qildi. Shundan soʻng J.Asanovga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. 

Ish avvali joyli boʻlsa, oxir borib moyli boʻlar, deydilar. Oʻzgaga mulkini qoʻsh qoʻllab topshirishdan oldin kelishuvni pishiq-puxta qilgan kishi aldanmaydi. Aksi boʻlsa, chuv tushishi hech gap emas. 

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.