Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar organlari markaziy boshqaruvida IT infratuzilmasini rivojlantirish, elektron maʼlumotlar almashinuvi hamda axborot resurslaridan foydalanish uchun korporativ tarmoq yaratish va “Xavfsiz hudud” modulʼ prinsipini joriy etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar vakillari, shuningdek DXX, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamda prokuratura masʼullari ishtirokida oʻtgan tadbirda respublika Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Najmiddin Turaxodjaev soʻzga chiqdi va “Xavfsiz hudud” modulʼ prinsipi haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlash kerak, mazkur loyiha ishga tushiriladigan boʻlsa, viloyatdagi barcha kuzatuv kameralarining tasvirlarini yagona markazdan kuzatish imkoni paydo boʻladi. Yagona axborot makoni yuzaga keladi. Yaʼni insonning yuzidan tanuvchi qurilmalar orqali ularning shaxsiga aniqlik kiritish, fuqarolar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar, yoʻl-ulov hodisalari haqida maʼlumot olish, xuddi shunday, ichki ishlar organlari probasiya xizmati nazorati ostida boʻlgan shaxslarning nazoratini masofadan amalga oshirish uchun sharoit yaratiladi.

Mazkur maqsadda profilaktika inspektorlari, yoʻl-patrulʼ xizmati, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda patrulʼ-post xizmati xodimlari planshetlar bilan taʼminlanadi. Xuddi shunday, hududlarda zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatilishi, viloyatdagi barcha yashash manzillari, korxona, tashkilot, muassasa, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarining aniq geoxaritasi yuzaga keltirilishi zarur. Tabiiyki, mutaxassislar malakasi oshiriladi.

Bu tadbir pirovardda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga yordam koʻrsatishda tezkorlikni taʼminlashi taʼkidlab oʻtildi. Qolaversa, modulʼ huquq-tartibot idoralarining kuch va vositalarini samarali boshqarishda qoʻl keladi. Jizzax viloyatida “Xavfsiz hudud” modulini 2022 yilning birinchi choragida hayotga tatbiq etish koʻzda tutilgan.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.