Voqea joyiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi tarkibidagi ekspert-kriminalist, kapitan Bekjon Ulugʻbekov darhol ishga kirishib, kerakli ashyoviy dalillar va qoʻl-barmoq izlarini oldi. Uning saʼy-harakatlari natijasida voqea joyidan olingan izlar qoʻshni mahallada yashovchi, muqaddam sudlangan B.K. va E.Y.ga tegishli ekani aniqlandi. Avvaliga jinoiy qilmishiga iqror boʻlishni xohlamayotgan bu kimsalarning keltirilgan dalillar oldida aybini tan olishdan boshqa chorasi qolmadi. Shu tariqa, jinoyat «issiq izida» fosh etildi.  

Oliy taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlab kelgan B.Ulugʻbekov ilk xizmat faoliyatini Oqqoʻrgʻon tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi eksperti lavozimida boshladi. Unga tajribali xodim, podpolkovnik Odil Xoltoʻrayev murabbiy etib biriktirildi. Bu yosh xodimning kasb sirlarini puxta oʻzlashtirishida muhim ahamiyat kasb etdi. Qatʼiyatli ustozi unga voqea joyini sinchkovlik bilan koʻzdan kechirish hamda jinoyatga oid barcha jihatlarga eʼtiborli boʻlish sirlarini oʻrgatdi. Bu uning faoliyati davomida har tomonlama qoʻl keldi.  

Koʻp yillik xizmati mobaynida IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazida oʻz malakasini oshirgan qahramonimiz sohaning chinakam ustasiga aylandi. 

–Hayotim davomida oʻrganganlarim erishgan yutuqlarim poydevori boʻlib xizmat qilmoqda, – deydi kapitan Bekjon Ulugʻbekov. – Shu boisdan ilmni doimo qadrlayman, barcha sohalarning taraqqiyot omili deb bilaman. 

B.Ulugʻbekov joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 82 marotaba voqea joyini koʻzdan kechirib, ashyoviy dalillar oldi, 76 marotaba qidiruv va tergov harakatlarida ishtirok etdi. Shu bilan birga, jabrlanuvchi, muqaddam sudlangan, gumon qilinuvchi, profilaktik hisobda turgan va jinoyatga moyil boʻlgan kimsalardan olingan 3600 ta qoʻl-barmoq izi daktokartalarini viloyat IIBB EKMga ADTT bazasiga kiritish uchun yubordi. Shuningdek, trasologiya, ballistika, daktiloskopiya, sovuq qurol, hujjatlarning texnik-kriminalistik va xatshunoslik ekspertizasi yoʻnalishlarida 20 ta ekspertiza xulosasi tayyorladi. 

– B. Ulugʻbekov oʻz kasbining jonkuyari, tartib-intizomli va tashabbuskor xodim, – deydi tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, kapitan Sherzod Abdurahmonov. – Barcha safdoshlari unga havas qilib, boy tajribasidan foydalanib keladi. 

Lavhamiz qahramoni xizmatdan boʻsh paytlarida salohiyatini yanada oshirish maqsadida sohaga oid kitoblarni mutolaa qiladi. Farzandlariga ham hayotda oʻz oʻrnini mustahkam egallab, jamiyatga foydasi tegadigan komil insonlar boʻlib yetishishi uchun koʻp kitob oʻqishi lozimligini uqtiradi. Xonadonida moʻjazgina kutubxona tashkil etgani ham uning ilm-fan va adabiyotga ixlosmand inson ekanligining yorqin dalilidir.

Xulosa qilib aytganda, kapitan Bekjon Ulugʻbekov el-yurt koriga yarash har bir er yigitning muqaddas burchi deb biladi. 

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent viloyati.