Men mustaqillik farzandiman. Aynan 1991-yilda tavallud topganim menga har doim oʻzgacha faxr baxsh etadi. Tinchlik-osoyishtalik bardavom, goʻzal va betakror yurtda kamol topayotganimdan benihoya baxtiyorman. Mustaqillik biz yoshlarga juda koʻplab imkoniyatlar eshigini ochdi. Taʼlim-tarbiya olishimiz uchun yetarlicha sharoitlar yaratildi. Intilganga tole yor maqoli aynan shu zamin farzandlarining buyuk istiqbollari misolida oʻz aksini topayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Vatanim mustaqil boʻlgan yili 22-sentabr kuni Chortoq tumanida tugʻildim. Yoshligimdan kitob oʻqishga, chet tillarini oʻrganishga va sportga qiziqishim baland edi. Hozir ham boʻsh vaqtim boʻldi deguncha, gazeta va turli yoʻnalishdagi kitoblarni mutolaa qilaman, sportning boks turi bilan muntazam shugʻullanib kelaman.
Maktab va kollejni tamomlagach, Namangan muhandislik pedagogika institutining Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi fakultetida tahsil oldim. Bolaligimdan ichki ishlar organlari xodimlariga havas qilib, shu sohada xizmat qilishni niyat qilardim. 2016-yilda orzularim roʻyobga chiqib, egnimga osoyishtalik posbonlarining sharafli xizmat kiyimini kiyish baxtiga muyassar boʻldim.
Hozirgi kunga qadar, Namangan shahar boʻyicha IIOFMB Yangi Namangan tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi «Yangi Zamin» mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi 433-sonli huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelmoqdaman.
Faoliyatim davomida yosh boʻlishimga qaramay, ijobiy natijalarga erishib kelayotganim bois rahbariyat tomonidan ham koʻplab marotaba ragʻbatlantirildim. Bunda, albatta, menga kasb sirlarini erinmay oʻrgatib kelayotgan fidoyi murabbiylarim va har doim qoʻllab-quvvatlab kelayotgan jonkuyar hamkasblarimning xizmati beqiyos.
Oʻz kasbimni juda yaxshi koʻraman, ertalabdan yaxshi kayfiyatda ishxonam sari oshiqaman. Insonlarga foydam tegayotganidan, ona xalqimga xizmat qilayotganimdan doimo faxrlanaman. Fuqarolar murojaat qilar ekan, ularga bergan maslahat, tavsiya yoki huquqiy maslahatlarim evaziga minnatdorlik soʻzlarini eshitganimda qalbimdagi faxr hissi va tanlagan kasbimga muhabbatim yanada ortadi.
Zuhriddin MAMASOLIYEV,
katta leytenant.
Namangan viloyati.
