Kuzatuv
Uzoq yillar davomida yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilib, yorugʻ yuz bilan pensiyaga chiqish har bir ona Vatan posbonining bir umrlik orzusidir. Bugun IIV Tibbiyot boshqarmasi tibbiy nazorat va tekshiruv guruhi yetakchi mutaxassis-shifokor-farmasevti, podpolkovnik Rasuljon Abdullayev ham ana shunday izzat-ikrom bilan nafaqaga kuzatildi.
Tadbirda vazirlik tibbiyot boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Shuhrat Nishanov soʻzga chiqib, R. Abdullayevning gʻayrat-shijoat bilan faoliyat yuritgan yillariga bir nazar tashladi.
U Toshkent farmasevtika institutini tamomlaganidan soʻng, IIV Tibbiyot boshqarmasi Namangan shahridagi Respublika fizioterapiya kasalxonasining dorixona boshligʻi-provizor lavozimida faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik, sohadagi bilim va tajribasini yanada boyitgan bu inson rahbariyat tomonidan IIV Tibbiyot boshqarmasi tibbiy taʼminot boʻlimi katta mutaxassis-shifokori etib tayinlandi. Shundan soʻng, mazkur boshqarmaning turli rahbarlik lavozimlarida fidoyilik bilan xizmat koʻrsatib, oʻzini har jihatdan ijobiy namoyon etgan Rasuljon Abdullayev 2018 yildan to hozirga qadar egallab turgan lavozimida faoliyat yuritdi.
Shuningdek tadbirda xodimning hamkasblari va shogirdlari ham oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib oʻtishdi. Anʼanaga koʻra, R. Abdullayevga toʻn kiydirilib, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
